USAIDning Markaziy Osiyoda Savdo dasturi hamda TRACECA hukumatlararo komissiyasi tomonidan hamkorlikda joriy yilning 11-16-iyun kunlari Riga (Latviya) shahrida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston transport vazirliklari vakillarining biznes-missiyasi o‘tkazilmoqda.
Tadbir doirasida avtomobil tashuvchilari va dengiz transporti ishtirokchilari o‘rtasida multimodal Transkaspiy yo‘lagi bo‘ylab o‘zaro hamkorlikning yangi shakllarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda hamda Markaziy Osiyo bilan hamkorlik qilishni istagan yirik terminallarning vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Tadbirda Transport vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda. Vazirlik boshqarma boshlig‘i M.Yusupovning qayd etishicha 2022-yilda O‘zbekistondan Yevropa yo‘nalishida tashilgan yuklar hajmi 1,2 million tonnani tashkil etgan, bu ko‘rsatkich 2021-yildagiga nisbatan 15%ga ko‘p. 2023-yilda ushbu yo‘nalishda yuk tashish hajmi 20% ga o‘sishi kutilmoqda, bu O‘zbekiston va Yevropaning barcha mamlakatlari o‘rtasida tashqi savdoda hamkorlik yanada rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Tadbir 16-iyun kuni Markaziy Osiyo delegatsiyasi a’zolari va Litva tadbirkorlarining B2B uchrashuvi bilan yakunlanadi.