Koronavirus pandemiyasining yurtimizga kirib kelishi ortidan ko‘plab sohalarda ish to‘xtab qoldi. Ular orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari”da ham yo‘lovchilar tashish vaqtincha to‘xtab qoldi.
Jumladan, COVID-19 koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida, xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarda harakatlanadigan barcha yo‘lovchi poyezdlar harakati to‘xtatildi.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” jamiyati axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, xalqaro yo‘nalishlarda harakatlanuvchi yo‘lovchi poyezdlar 2020 yilning 22 mart kuniga qadar yo‘lovchilarni olib kirdi. Yo‘lovchi poyezdlarda kirib kelgan 2257 nafar fuqaro yurtimizning turli viloyatlarida tashkil qilingan karantin zonalariga yetkazib qo‘yildi.
16 martdan 14 kunlik karantinda bo‘lgan yurtdoshlarimizning 11 ming 512 nafari karantin muddati tugagandan keyin 46 ta maxsus dezinfektsiyalangan yo‘lovchi poezdlarida manzillariga etkazildi.
Bundan tashqari, karantin paytida respublikamiz hududlarida aholi turmush sharoitini atroflicha o‘rganish va yuzaga keladigan muammolarni joyida hal qilish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar ishchi-xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruhlar uchun qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlar tashkil qilinib, ularni tashish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlariga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq shahriga alohida yo‘lovchi poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent viloyatida qurilayotgan kasalxona qurilishi hamda “Toshkent metropoliteni” qurilishiga jalb qilingan temir yo‘l ishchilari va qurilish pudratchi tashkilotlari ishchi xodimlarini tashish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ayni kunda ham karantin hududlarida 14 kun mobaynida shifokorlar nazoratida bo‘lib, karantin muddati tugagan yurtdoshlarimizni yashash manzillariga yetkazib qo‘yish uchun maxsus poyezdlar qatnovi davom etmoqda.
Karantin paytida xizmat ko‘rsatishning uzluksizligini ta’minlash maqsadida ishga jalb qilingan xodimlarning doimiy ravishda himoya niqobida bo‘lishlari, gigiena talablariga amal qilishlariga jiddiy e’tibor berilgan hamda ularning ishga kelib-ketishini ta’minlash maqsadida xizmat mashinalari ajratilgan.
Ma’muriy binolar, vokzallar, “Afrosiyob” poyezdlari va barcha yo‘lovchi vagonlar hamda xizmat mashinalari muntazam ravishda tegishli tartibda dezinfektsiya qilinmoqda.