Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi rahbariyati hamda Rossiya Federatsiyasi Bojxona xizmatining O‘zbekistondagi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari va Rossiya hududida O‘zbekiston xalqaro yuk tashuvchilari duch kelayotgan muammolar va ularning yechmi bilan bog‘liq holatlar muhokama etildi.
Jumladan, Latviyaga eksport yuki (nikel qotishmalarining chiqindilari va parchalari) tashiyotgan O‘zbekiston avtotransport vositasi joriy yilning 28-noyabr kunidan beri Rossiyaning «Ubilinka» (Убылинка) chegara o‘tkazish punktida ushlab turilganligi holati yuzasidan «Ubilinka» (Убылинка) bojxona posti rahbariyati bilan muloqot o‘tkazilib vaziyatga oydinlik kiritildi.
Tashilayotgan yuk Federal bojxona xizmatining xavflarni boshqarish tizimida avtomatik tarzda “xavf” ko‘rsatganligi sababli Bojxona xodimlari o‘rnatilgan tartibda yukni ko‘zdan kechirgan va namuna olib maxsus laboratoriyaga yuborgan.
Laboratoriyadan javob kelmagunicha avtotransport vositasiga harakatini davom ettirishga ruxsat berilmaydi. Ushbu vaziyat bo‘yicha avtotransport vositasi haydovchisi bilan muloqot o‘tkazilib, holat bo‘yicha tushuntirish berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston yuk tashuvchilarini Rossiya – Latviya chegara o‘tkazish punktlarida ushlab turish, Rossiya hududiga kirishda plomba qo‘yib, Rossiyadan chiqishda plombani yechish va yana yuklarni majburan tushirib qayta ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar, «Krasnaya gorka» (Красная горка), «Rudnya» (Рудня) va «Krasniy kamen» (Красный камень) chegara o‘tkazish punktlaridagi cheklovlarni olib tashlash va boshqa masalalar muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tizimli muammolarni birgalikda hal etish bo‘yicha choralar ko‘rishga kelishib oldi.