Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Navoiy – Buxoro yo‘nalishida “Afrosiyob” poyezdlarining harakatlanishi uchun qo‘shimcha yo‘l qurilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
17.06.2021 6242 Yangiliklar

 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan Investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Navoiy – Buxoro uchastkasida elektrlashtirilgan ikkinchi yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Toshkent – Samarqand,  Toshkent – Qarshi hamda Toshkent – Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdlarining muntazam qatnovi amalga oshiriladi. “Toshkent – Samarqand – Maroqand” uchastkasi 2 yo‘nalishli po‘lat izlardan tashkil topgan bo‘lsa, Navoiy – Buxoro yo‘nalishi bir izli temir yo‘l uchastkasidan iborat.

Shu bois O‘zbekiston temiryo‘lchilari tomonidan bir izli “Navoiy – Buxoro” uchastkasida 2-yo‘nalish uchun temir yo‘lni bunyod etilishi natijasida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlar qatnovini qulay, xavfsiz va ishonchli bo‘lishiga zamin yaratadi. Eng muhimi yo‘lovchi poyezdlar qatnovi vaqtini yanada qisqartirishga erishiladi. 

“Navoiy – Buxoro” uchastkasining 2-yo‘nalishi uzunligi 92,3 kilometrdan iborat bo‘lib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining o‘z mablag‘lari hisobiga barpo etilmoqda. Belgilangan loyihaga ko‘ra ushbu uchastkada 3ta raz’yezd, 1ta temir yul o‘tkazgichini qurish, 12ta temir-beton ko‘prik, 49ta sun’iy inshoot qurilishi hamda 3ta texnik xizmat ko‘rsatish binosini qurish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kun holatiga ko‘ra “Navoiy – Buxoro” uchastkasida yer ishlari bo‘yicha umumiy 92,3 kilometrdagi jami 2107,2 ming m3 tuproq ko‘tarma ishlaridan 1562 ming m3 tuproq ko‘tarma ishlari amalga oshirilib, qolgan 545,2 ming m3 tuproq ko‘tarma ishlarida qurilish jarayoni davom etmoqda. Mazkur temir yo‘l uchastkasida 47ta sun’iy inshoot qurilib, yana 2tasida ishlar davom ettirilmoqda.

“1-sonli Energomontaj poyezdi ” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan 10kV li elektr ta’minot havo liniyasini ko‘chirishda SV110-3,5 1605ta temir-beton tayanchlar o‘rnatildi, 60 kilometr simlar tortildi. 3ta qo‘riqlanadigan temir yo‘l kesishmasida “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi xodimlari tomonidan qurilish montaj ishlari olib borilmoqda. Yangi qurilayotgan temir yo‘l liniyasida 55,6 kilometr tuproq ko‘tarma ishlari tugatildi. 47 kilometrga qum shag‘al to‘shamasi yotqizildi.

Ayni paytda loyihadagi 5ta temir-beton ko‘prigini qurish uchun poydevor tayyorlash ishlari bajarilmoqda. “Quyimozor – Raz’yezd-40” oralig‘ida esa 2 kilometr temir yo‘l izlari yotqizildi. Buning uchun qurilish ob’yektlarida yuzdan ortiq zamonaviy texnikalardan unumli foydalanilmoqda. 

Ta’kidlash lozimki, ushbu loyiha hayotga tatbiq etilgach, ekspluatasion xarajatlarni kamaytirishga erishiladi. Harakat tezligini oshirish hisobiga iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish imkoniyati yaratiladi. Yangi temir yo‘l uchastkasini qurish orqali o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ko‘tarish, yangi ish joylarini tashkil qilish, yuk vagonlari aylanmasini ortishi hisobiga harakat tarkibiga bo‘lgan talabni qisqartirish, loyiha hududi ekologik muhitini yaxshilash, zamonaviy kommunikasiya tizimini va resurs tejash texnologiyalarini rivojlanishini ta’minlashga muvaffaq bo‘linadi.

Axborot-tahliliy media markazi