Transport vazirligi huzuridagi "O‘zaeronavigatsiya" Markazi DUK O‘zbekiston Respublikasi havo hududi tuzilishini qayta tashkil etish va ICAO standartlari hamda tavsiyalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha yangi loyihani ishga tushirdi.
Loyiha doirasida havo sarhadlarini tasniflashni maqbullashtirish, havo trassalarining maqbul tarmog‘ini ishlab chiqish va joriy qilish rejalashtirilmoqda.
Bunda, talab qilinuvchi navigatsiya xususiyatlariga, shuningdek parvozlarning yagona o‘tish esheloniga asoslangan, marshrutlar va parvoz sxemalarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Loyiha oltita asosiy bosqichga bo‘lingan bo‘lib, uni 2025-yilning boshida yakunlash rejalashtirilgan. Ushbu sa’y-harakat "O‘zaeronavigatsiya" Markazi DUK mutaxassislari tomonidan xorijiy maslahatchilarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi aeronavigatsiya xizmatlari milliy provayderi uchun yangi istiqbollarni ochib, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va samaradorligi borasida uning mintaqadagi yetakchilardan biriga aylanishiga hamda, O‘zbekiston aeronavigatsiyasini jahon havo navigatsiyasi tizimiga yanada chuqur integratsiyalashuvi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.