Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish sohasidagi islohotlar

Chop etish Sahifani ulashish
05.02.2020 7675 Yangiliklar

So‘nggi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida bugungi kunda o‘z yechimini kutib turgan dolzarb masalalar yuzasidan turli-tuman fikrlar va munosabatlar bildirilmoqda. "Uzbekistan airways" va "Uzbekistan airports" kompaniyalari rahbariyati mazkur masala yuzasidan xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan bildirilayotgan fikrlarni doimiy ravishda kuzatib bormoqda. Mazkur yo‘nalishda taklif va tanqidiy fikrlarini o‘rtaga tashlayotgan, mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi rivojiga befarq bo‘lmaganlarga shu o‘rinda o‘z minatdorchiligimizni bildiramiz.

Aytib o‘tish lozimki, so‘nggi uch yilda aviatsiya bozorini liberallashtirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni zamon talablari darajasiga ko‘tarish bo‘yicha mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi sohasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. Aviatsiya bozorini liberallashtirish va raqobat muhitini tashkil etish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamizga qatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar soni 2017 yilda 15 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib ularning soni 23 taga yetdi.

Yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida so‘nggi yillarda milliy aviakompaniya parki muntazam ravishda zamonaviy «Airbus» va «Boieng» laynerlari bilan yangilab borilmoqda.

Shuningdek, ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish orqali tashuvlar va aeroportlar faoliyati bo‘yicha vazifalarni mustaqil korxonalarga taqsimlash borasidagi ishlar nihoyasiga yetkazildi. Barchaga ma’lumki 2019 yilning oktyabrь oyida «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK qayta tashkil etilib, bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikkita “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” kompaniyalariga ajratildi.
Aviatsiya bozorini yanada liberallashtirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida 2019 yilning oktyabr oyidan e’tiboran Qarshi, Nukus, Termiz va Buxoro xalqaro aeroportlarida «beshinchi havo erkinligi» tartibini qo‘llagan holda, “Ochiq osmon” rejimi joriy etildi. Bu jarayonlarning boshlanganiga esa bor yo‘g‘i endi uch oy bo‘ldi! Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozim, “Ochiq osmon” rejimi joriy etilishi birdaniga mamlakatimizga xorijiy reyslar sonining ortishi va parvozlar oqimining yuqori sur’atlarda ko‘payishida asosiy omil bo‘lib hisoblanmaydi.
Hozirda mazkur aeroportlarga parvozlarni amalaga oshirishni tashkil etish yuzasidan «Turkish Airlines», «Isra Air», «Garuda», «Aeroflot», «IrAero», «Sibir», «Yakutiya», «Skat» va boshqa bir qator xorijiy aviakompaniyalar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan kompaniyalar joriy yilning mart oyidan boshlab, “Ochiq osmon” rejimidan foydalangan holda Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Irkutsk, Krsanoyarsk, Olmota, Nur-Sulton, Aqtau yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirishni boshlashga tayyor ekanligini ma’lum qilishdi. Shuningdek, Isroil va Turkiyaga parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Hozirda aeroportlar infrastrukturasi, uchish-qo‘nish yo‘laklari, yo‘lovchi terminallari holati va u erda xizmat ko‘rsatish standartlari bo‘yicha yaqin kelajakda hal etilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar turibti.

Aynan aeroportlar holatini yaxshilash bo‘yicha qator yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi terminali va uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi natijasida aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 500 nafar yo‘lovchidan 1500 nafarga qadar ko‘tariladi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida Toshkent aeroportining o‘tkazuvchanlik holatini optimallashtirish va rekonstruktsiya qilish natijasida esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yiliga 4 milliondan 7 millionga ortadi. Termiz xalqaro aeroportida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi, Andijon aeroportining rekonstruktsiya qilinishi barcha turdagi havo kemalariga xizmat ko‘rsatish imkonini yaratib, amalga oshirilayotgan qatnovlar sonining 2-3 baravarga ortishiga olib keladi. Ushbu chora tadbirlar esa o‘z navbatida xorijiy aviatashuvchilar o‘rtasida mamlakatimiz aviatsiya sohasi jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Belgilangan tadbirlarni ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan holda sifatli bajarish maqsadida Jahon Banki ekspertlari jalb etilgan bo‘lib, ular mamlakatimiz aviatsiya bozorini liberallashtirish va sohada zamonaviy boshqaruv usullarini tadbiq etishga qaratilgan respublikamiz aviatsiya sohasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etishadi.

Aviatsiya sohasida raqobat muhitini kengaytirish, mamlakatimiz ichki yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mintaqasi yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Bu mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini isloh qilish bo‘yicha ishlarning faqatgina birinchi bosqichidir. Mazkur sohada boshlangan islohotlar tizimli ravishda, jadal sur’atlarda davom ettiriladi. Aynan bu yo‘nalishdagi islohotlarning jadallashtirilishi natijasida 2020 yil mamlakatimiz aviatsiya sohasida tub burilish yili bo‘ladi deb umid qilamiz.

Barchaga ma’lumki so‘nggi 30 yil davomida mazkur sohada deyarli hech qanday islohotlar amalga oshirilmadi. Buning oqibatida esa jiddiy muammolar to‘planib qoldi. Soha rivojiga etarli darajada e’tibor qaratilmagani va mutlaqo raqobat muhitining mavjud emasligi ortidan u monopoliya tamoyillari asosida rivojlandi. Tariflarning yuqoriligi va taqdim etilayotgan xizmatlar sifatining pastligi ham aynan shuning natijasidir.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tmoqchimizki sohani isloh qilishda fuqarolar va mutaxassislarning fikrlari, tavsiya va takliflari muhim ahamiyatga ega. Respublikamiz aviatsiya sanoatini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda ekspertlar va jamoatchilikning faol ishtirokiga umid qilamiz.

“Uzbekistan airways” AJ, “Uzbekistan airports” AJ