O‘zbekiston orqali o‘tgan havo yo‘nalishlari dunyoning ko‘plab mamlakatlari aviatashuvchilari uchun samarali bo‘lib bormoqda. Buni havo qatnovining o‘sishida ham ko‘rish mumkin.
O‘tgan yili mamlakatimiz havo hududida “O'zaeronavigatsiya” Markazi DUK mutaxassislari tomonidan 188 ming reysga xizmat ko‘rsatilgan. Shundan 45 mingga yaqini rezident aviakompaniyalar, 143 mingtasi esa xorijiy aviakompaniyalar reyslaridir.
2024-yilning to‘rt oyida O‘zbekiston havo hududida 74,28 mingdan ortiq reysga xizmat ko‘rsatildi (2023-yilning shu davriga nisbatan 30 % o‘sdi), shu jumladan, O‘zbekiston aviakompaniyalari tomonidan 17,65 ming reys amalga oshirildi (2023-yilga kelib 42 foizga o‘sish ) va 56,63 ming xorijiy reyslar (2023-yilga nisbatan 26% ga o‘sish).
Eslatib o‘tamiz O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab havo qatnovini tashkil etish Transport vazirligi huzuridagi “O'zaeronavigatsiya” Markazi DUK tomonidan amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun: boshqariladigan havo maydoni – 480 000 km2, havo yo‘llarining umumiy uzunligi – 45 780 km tashkil etadi.
Bugungi kunda har qanday davlatda aeronavigatsiyaning samarali faoliyatini havo harakatini boshqarishning global tuzilmasi bilan yaqindan integratsiyalashuvisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Markaziy Osiyoning “yuragi”da joylashgan O‘zbekiston ulkan tranzit salohiyatiga ega bo‘lib, “O'zaeronavigatsiya” Markazi DUK ushbu imkoniyatdan mamlakatimiz rivoji yo‘lida maksimal darajada samarali foydalanmoqda.
O‘zbekiston havo hududidagi asosiy tranzit oqimlari 60% Janubi-Sharqiy Osiyodan Yevropaga va teskari yo‘nalishda, 20% Yaqin Sharqdan Xitoy, Koreya, Yaponiya va ortga, 10% Yaqin Sharqdan Rossiyaga va ortga, Janubi-Sharqiy Osiyodan Kanada, AQShga qutblararo yo‘llar orqali taqsimlangan.
Kompaniya hozirda butun dunyo bo‘ylab 500 dan ortiq aviakompaniyalarga aeronavigatsiya xizmatlarini taqdim etib kelmoqda.