Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston Prezidenti “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi

Chop etish Sahifani ulashish
06.06.2024 1415 Yangiliklar

6-iyun kuni Pekin shahrida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Bitimning imzolanish marosimi munosabati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham o‘z murojaatlarini yo‘lladi.


Davlatimiz rahbari ushbu muhim infratuzilma loyihasini amalga oshirish boshlanayotgani keng mintaqamizda iqtisodiy va transport jihatidan bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan tarixiy voqea ekanligini alohida ta’kidladi.


– Mazkur temir yo‘l Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanadi. Kelgusida ushbu yo‘l bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi, – dedi Prezident.


Loyihaning amalga oshirilishi oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy samara yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratilishi, o‘zaro savdo hajmi karrasiga oshishi, sanoat kooperatsiyasi kengayishi, investitsiyaviy jozibadorlik o‘sishi va eng muhimi – aholi turmush darajasi oshida namoyon bo‘ladi.


Bitimga muvofiq, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.


Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.