Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘li qurilishi masalasi muhokama qilindi

Chop etish Sahifani ulashish
20.05.2020 13250 Yangiliklar

Bugun, 20 may kuni O‘zbekiston transport vaziri Elyor G‘anyiev, Qirg‘iziston transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov, Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjen Chiping boshchiligida videokonferentsiya aloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi.

O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn uchrashuvda tomonlar “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelgusi amaliy choralarni muhokama qilishdi.

Xususan, ushbu loyiha yuzasidan tomonlar taqdim etilgan temir yo‘l qurilishi marshrutlari bo‘yicha yagona to‘xtamga kelish, loyihalash va qurilish ishlarida qo‘llanilayotgan texnik standartlar, loyihani moliyalashtirish manbalari va boshqa tashkiliy masalalar muhokama qilindi.

Videoanjumanda Elyor G‘anyiev so‘zga chiqib, pandemiya sharoitida davlat chegaralari orqali temir yo‘l transportida yuklarni tashish dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani ta’kidladi.

“Sanitariya-epidemiologiya standartlari shartlariga muvofiq deyarli barcha transport turlarida yuk tashuvlariga cheklovlar qo‘yilmoqda. Karantin choralari tufayli davlatlarimiz o‘rtasida avtomobilda yuk tashuvlari cheklangan holda amalga oshrilmoqda. Mazkur jarayonlar fonida eng xavfsiz, ishonchli transport vositasi esa temir yo‘l bo‘lib qolmoqda. Aynan shu jihatning o‘zi ham mazkur loyihani hayotga tezroq tadbiq etish zarurligi ko‘rsatmoqda”, dedi E.G‘anyiev.

Uchrashuvda Xitoy va Qirg‘iziston tomoni mazkur temir yo‘l liniyasi o‘tishi mumkin bo‘lgan hududlar bo‘yicha bergan takliflari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar taqdim etilgan temir yo‘l qurilishi marshrutlari bo‘yicha yagona to‘xtamga kelish yuzasidan, har bir yo‘nalish bo‘yicha loyihaning texnik va iqtisodiy jihatlarini yana bir karra ko‘rib chiqishga va kelasi haftada huddi shu formatda uchrashuv o‘tkazishga kelishib olishdi.