Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi ishtirokchilariga tabrik so‘zi

Chop etish Sahifani ulashish
06.06.2024 1483 Yangiliklar

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!


Xonimlar va janoblar!

 

"Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan mamnunman.


Bu mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan an’anaviy yaqin va ko‘p qirrali hamkorlik rivojidagi chinakam tarixiy voqeadir. Bugun biz birgalikda keng mintaqamizda iqtisodiy va transport aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlarni qo‘ymoqdamiz.


Shu munosabat bilan, birinchi navbatda, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi, hurmatli Si Szinpin janoblariga “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Transkontinental transport va tranzit koridorining ajralmas qismi hisoblanuvchi ushbu muhim infratuzilma loyihasini ilgari surishda ko‘rsatgan shaxsiy e’tibori va uni to‘la qo‘llab-quvvatlagani uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman.


Yangi temir yo‘l Xitoy bilan iqtisodiy hamkorligimizni kengaytirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonaman.


Hurmatli tadbir ishtirokchilari!


"Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li tarixiy Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab o‘tadi. Darhaqiqat, biz ko‘p asrlar davomida savdo aloqalari va madaniy almashinuv rivojiga xizmat qilgan ushbu qadimiy yo‘lni zamonaviy sharoitda qayta tiklayapmiz.


Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, mazkur temir yo‘l Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanadi.


Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, uning barpo etilishi ortib borayotgan yuk tashish hajmiga samarali xizmat ko‘rsatish, ularni tashish vaqti va narxini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.


Loyihaning amalga oshirilishi oqibatida vujudga keladigan iqtisodiy ta’sirni barcha mamlakatlar his qiladi. Avvalo, yangi korxonalar va o‘n minglab ish o‘rinlari yaratiladi, o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi va sanoat kooperatsiyasi ko‘lami, investitsion jozibadorlik o‘sadi va asosiy natija – fuqarolarimizning turmush darajasi oshadi.


Kelgusida ushbu yo‘l bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi, tranzit salohiyati va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni sezilarli darajada oshiradi.


Qadrli do‘stlar!


Shuni ta’kidlamoqchimanki, ushbu keng ko‘lamli loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston hududida barcha zarur infratuzilma yaratilgan.


Bundan tashqari, biz zamonaviy temir va avtomobil yo‘llari milliy tarmog‘ini kengaytirmoqdamiz, yuklarni qayta ishlash va tashish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida raqamli texnologiyalarni faol joriy qilmoqdamiz.


Hamkorlarimizni yana bir bor ishontirib aytmoqchimanki, O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi, imzolanayotgan bitim va qabul qilingan “yo‘l xaritasi” bo‘yicha izchil hamkorlikni davom ettirishga tayyor.


Aminmanki, uzoq muddatli umumiy manfaatlarimizga javob beradigan "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li strategik loyihasi do‘stlik va sheriklik munosabatlarimizni mustahkamlashga, mamlakatlarimiz, xalqlarimiz farovonligi va taraqqiyotiga xizmat qiladi.


Ushbu keng qamrovli loyihaning barcha ishtirokchilariga ulkan zafarlar tilayman.


E’tiboringiz uchun rahmat.