Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston – Rossiya: transport-logistika sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
05.10.2023 3393 Yangiliklar

Qozon shahrida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston – Rossiya III hududlararo hamkorlik forumi doirasida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida transport-logistika, sanoat, turizm va yoshlar sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.

 

Xususan, “Transport va logistika sohasidagi sheriklik: Rossiya va O‘zbekiston yangi chaqiriqlar dunyosida” mavzusida tashkil etilgan panel sessiyada transport-logistika sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi. Ishtirokchilar ikki mamlakat iqtisodiyoti oldida turgan maqsadlarga samarali erishish uchun transport-logistika loyihalari, shuningdek, sohaga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tashabbuslari muhimligini qayd etishdi.

 

Tadbir qatnashchilari ikki mamlakatning shaharlari, viloyatlari va iqtisodiy o‘sish markazlarini bog‘lovchi transport aloqalarini hamda umuman Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi taʼminot zanjirlarini rivojlantirishga amaliy hissa qo‘shishga intilib, quyidagilarga kelishdi:

 

Iqtisodiyot ehtiyojlarini qondirishda yangi transport infratuzilmasini yaratish va mavjudlarini modernizatsiya qilish muhim ahamiyatga ega, shu nuqtai nazardan Rossiya va O‘zbekiston hududlari orqali o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish;

 

Yevroosiyo qitʼasi transport tizimini mustahkamlash maqsadida, xalqaro transport koridorlari yo‘nalishlarida davlat chegaralari nazorat-o‘tkazish punktlarining infratuzilmasini rivojlantirish sohasida kelishilgan chora-tadbirlarni qabul qilish;

 

Mintaqaning geografik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda turli transport turlari imkoniyatlarini birlashtirgan multimodal transport yechimlari va loyihalari muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan turli transport turlari orqali xalqaro xizmatlarni ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha tajriba almashishni davom ettirish hamda tarmoqlararo va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlash;

 

O‘zaro savdo va tranzitni rivojlantirishga xizmat qiladigan transport-logistika sohasidagi mintaqaviy loyihalarni milliy rejalarga kiritish bo‘yicha muloqotni davom ettirish;

 

Xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, yangi multimodal yo‘nalishlar, jumladan, “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” yo‘nalishini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash.