Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston transport tarmog‘i faxriylari kengashi tuzildi

Chop etish Sahifani ulashish
05.04.2024 14319 Yangiliklar

Faxriylar kengashini tashkil etish bo‘yicha 4-aprel kuni o‘tkazilgan ta’sis yig‘ilishida Transport vazirligi va transport tarmog‘i vakillari hamda soha mehnat faxriylari ishtirok etishdi.

 

Yig‘ilishda mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlar, mehnat faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatib kelinayotgani, ularning katta hayotiy tajribalaridan saboq olish jamiyatimiz farovonligini ta’minlashda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida, ularni komil inson bo‘lib ulg‘ayishlarida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

 

Ta’sis yig‘ilishi ishtirokchilari muhokamalardan so‘ng bir ovozdan O‘zbekiston transport tarmog‘i faxriylari kengashini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shuningdek, 9 kishidan iborat Kengash boshqaruvi va 5 kishidan iborat Nazorat-taftish komissiyasi vakillari saylanib, Kengash nizomi tasdiqlandi.

 

Uzoq yillar davomida mamlakatimiz transport tizimida turli lavozimlarda samarali faoliyat yuritgan, katta hayotiy tajribaga ega Xojiakbar Zohidov O‘zbekiston transport tarmog‘i Faxriylar kengashi raisi etib saylandi.

 

“Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarga hamohang bo‘lmoqda. Zotan katta avlod vakillarining boy hayotiy tajribasi bugungi yosh avlod uchun aniq dasturulamal bo‘lib xizmat qiladi”, – dedi Transport vazirligi birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi F.Narxodjayev.