Bugun, 3-iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston – Afg‘oniston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Biznes-forumda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-sotiq munosabatlarini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov o‘z nutqi bilan ishtirok etib, tashuvlar uzluksizligini ta’minlash, mamlakatlarimiz tranzit salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda davom etishga chaqirdi.
Shuni ta’kidlash lozimki Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bog‘liqligini amalda ta’minlashning muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda Afg‘oniston hududi orqali yuk tashuvlar hajmi sezilarli ortdi. O‘tgan 2023-yilda "O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal transport koridori orqali yuk tashuvlar hajmi 2021-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘paydi.
O‘z navbatida O‘zbekiston ham Afg‘oniston uchun eng maqbul tranzit hamkori hisoblanadi. O‘zbekiston hududi orqali Afg‘oniston yuklarining tashuvlari narxini kamaytirish maqsadida avtomobil va temir yo‘l tashuvlarida bir qator imtiyozlar taqdim etildi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov ikki tomonlama va tranzit tashuvlarini rivojlantirish har bir davlat uchun o‘zaro manfaatli bo‘lishi lozimligi, shu nuqtayi nazardan Afg‘oniston hududida ham O‘zbekiston yuklari uchun o‘zaro manfaatli, tenglik asosida belgilangan to‘lovlar qisqa muddatda tatbiq etilishiga ishonch bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston davlatlari o‘rtasida tranzit Bitimini birgalikda ishlab chiqish va imzolashga hamda Chobahor Bitimiga qo‘shilishga tayyormiz, - dedi M.Omarov.