Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi

Chop etish Sahifani ulashish
11.05.2024 2821 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Maxkamov Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Transport vaziri Marat Karabayev bilan ishchi uchrashuvi o‘tkazdi.

 

Uchrashuvda tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, temir yo‘l va avtomobil transporti, transport infratuzilmasini qurish yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama etishdi.

 

Xususan, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘l qurilishi loyihasini hamkorlikda amalga oshirish, “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” multimodal transport koridorini birgalikda rivojlantirish va yuk tashish hujjatlarini raqamlashtirish orqali tashuvlarni yanada tezlashtirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.

 

Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘li qurilishi borasida Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. – "Ishonchim komilki, loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy kommunikatsiyalar va savdoni rivojlantirishga xizmat qiladi, chunki Janubiy Osiyo mintaqasining yirik dengiz portlariga chiqish yo‘llari ochiladi”, – dedi Qozog‘iston Transport vaziri Marat Karabayev.

 

Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida qulay shart-sharoitlarni yaratish, ushbu jarayonga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, yuk tashuvlari jarayonini jadallashtirish maqsadida mamlakatlar o‘rtasida ruxsatnoma blankalarini elektron almashish «E-Permit» tizimi amaliyotga tatbiq etilganligini tomonlar mamnuniyat bilan qayt etib o‘tishdi.

 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida 2024-2025-yillarda transport va logistika sohasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni imzoladilar.