O‘zbekiston va Turkiya Yo‘lovchi va yuklarni avtomobilda xalqaro tashish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim (2020-yil 8-avgustdan e’tiboran kuchga kiradi) hamda Yuklarni xalqaro aralash tashish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim (2020-yil 9-iyuldan e’tiboran kuchga kirdi) kuchga kirishi uchun ratifikatsiya jarayonlarini tugalladi.
Mazkur xalqaro shartnomalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiya Respublikasiga tashrifi davomida 2017-yil 25-oktabrda imzolangan.
Yo‘lovchi va yuklarni avtomobilda xalqaro tashish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim qoidalari bilan ikki davlat hududi bo‘ylab va ular hududlari orqali tranzit tarzda, shuningdek, uchinchi davlatlarga va uchinchi davlatlardan transport tashuvlarini amalga oshirishning tartibi va shartlari belgilangan.
Hujjat bilan yo‘l yig‘imlari to‘lovisiz yuklarni xalqaro tashish uchun o‘zaro kelishilgan miqdorlarda ruxsatnomalarni teng shartlarda yillik almashish nazarda tutilmoqda.
Bitim xalqaro avtotashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishga, yuklarni avtotransportda o‘zaro tashish hajmini oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasida savdo aloqalarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Yuklarni xalqaro aralash tashish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida, shuningdek, ularning hududlari orqali tranzit tarzda temir yo‘l, suv va avtomobil transportida qisman amalga oshiriladigan yuklarni tashishga nisbatan tadbiq etiladi.
Ushbu Bitimning bosh ustuvor jihati yuklarni tashishning butun yo‘li bo‘ylab, garchand bunday tashishda bir qancha transport turlari qatnashsa ham, yuklarni yagona tashish hujjati (ruxsatnoma) bo‘yicha yetkazib berish hisoblanadi.
Yuklarni aralash tashishlarning Bitim doirasida huquqiy tartibga solinishi ikki mamlakat o‘rtasida tovarlarni o‘zaro yetkazib berishning uzviyligini ta’minlaydi.
Ushbu hujjatlarning to‘liq matnlari bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.