Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 100 taga yetkaziladi

Chop etish Sahifani ulashish
24.06.2024 1901 Yangiliklar

Joriy yil 17 – 21–iyun kunlari Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilgan “C5+1 Xitoy-Markaziy Osiyo fuqaro aviatsiyasi konferensiya”si davomida O‘zbekiston va Xitoy aviatsiya hukumatlari o‘rtasida Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish, ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar sonini keskin oshirish, yangi havo yo‘laklarini ochish masalalari muhokama qilindi.

 

Muzokaralar chog‘ida o‘zbek tomonidan Bitimdagi aviakompaniyalar soniga va parvoz manzillariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash, amaldagi aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga 50 tadan jami 100 taga oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish hamda yangi havo yo‘laklarini ochish taklif etildi.

 

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarning yuqori darajada rivojlanayotganligini inobatga olgan holda, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni  rivojlantirish hamda aviatashuvlar bozori yanada erkinlashtirilishi maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

 

Olib borilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida tegishli hujjat imzolandi va quyidagi kelishuvlarga erishildi:

 

- O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan aviakompaniyalar soni 2 barobarga oshirildi;

 

- O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun O‘zbekistonning barcha aeroportlaridan Xitoy hududiga muntazam parvozlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan shaharlar soni 12 taga yetkazildi;

 

- Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga Xitoyning istalgan shaharlaridan O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi xalqaro aeroportlarga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish huquqi berildi;

 

- Tayinlangan aviakompaniyalarga ikki davlat o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga amaldagi 15 tadan yangi kelishuv bo‘yicha 50 taga oshirish, ya’ni ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlari sonini jami 100 taga yetkazish huquqi berildi;

 

- Har ikki tomonning tayinlangan aviakompaniyalariga O‘zbekiston va Xitoy hududidagi barcha manzillar orqali uchinchi davlatlarga haftasiga 21 ta aviaqatnov bilan yuk parvozlarini amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi;

 

- Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga O‘zbekiston hududida Samarqand va Nukus, O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga Xitoy hududida Sian va Chengdu xalqaro aeroportlari orqali uchinchi davlatlarga har bir yo‘nalishda haftasiga 7 ta qatnov bilan yo‘lovchi parvozlarni amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi;

 

- Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun Xitoyning dengiz bo‘yida joylashgan turistik Xaykou, Sanya hamda Tsyunxay xalqaro aeroportlarida joriy qilingan “Maxsus ochiq osmon” rejimidan foydalanish va 5-havo erkinligida parvozlarni amalga oshirish huquqi qo‘lga kiritildi.

 

Shuningdek, kod-sher bitimi, havo kemasini ijaraga olish va charter parvozlar yuzasidan bir qator tegishli kelishuvlarga erishildi.

 

Yuqorida keltirilgan kelishuvlarga erishilishi davlatmiz rahbari tashabbusi bilan bugungi kunda O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini ta’minlashi bilan bir qatorda, aviatsiya sohasini mamlakat iqtisodiyotining drayveriga aylanishiga xizmat qiladi.