Aziz oʻgʻil-qizlarim!
Barchangizni yurtimiz hayotidagi qutlugʻ bayram – Yoshlar kuni bilan samimiy tabriklab, oʻzimning chuqur mehrim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.
Bugungi kunda mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning oʻrni va taʼsiri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi.
Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida, Vatan himoyasidek sharafli vazifani ado etishda millionlab yoshlarimiz sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Siyosiy saviyasi yetuk, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yuzlab yigit-qizlar parlamentimiz va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining aʼzosi sifatida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat idoralarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʻrsatmoqda.
Respublikamizda samarali ishlayotgan 227 mingga yaqin yosh tadbirkor va fermerlar, mohir hunarmandlar iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshmoqda. Yurtimizda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Bu haqda gapirganda, birgina “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida yosh avlod vakillarining 7 ming 775 ta biznes loyihasiga 1 trillion 635 milliard soʻmdan ziyod imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilib, shu asosda 40 mingga yaqin yangi ish oʻrni tashkil etilganini qayd etish lozim.
Ana shunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik tufayli hududlarda 27 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari hamda 157 ta “Yoshlar mehnat guzari” foydalanishga topshirildi. Ushbu majmualarda 2 ming 200 nafardan ortiq oʻgʻil-qizlarimiz oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlagani eʼtiborlidir.
Shu bilan birga, “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi boʻyicha barcha hududlarimizda 65 mingga yaqin yosh dehqonlarga 54 ming 232 gektardan ziyod yer ajratildi.
Ana shunday muhim chora-tadbirlar tufayli soʻnggi uch yilda 560 ming 200 nafarga yaqin yosh fuqaro ish bilan taʼminlandi.
Bu yil koronavirus pandemiyasi hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida roʻy bergan ofatlar butun el-yurtimiz qatori yoshlarimiz irodasini ham sinovdan oʻtkazdi. Ana shunday ogʻir vaziyatlarda ming-minglab oʻgʻil-qizlarimiz chinakam mardlik va jasorat koʻrsatib, barcha tengdoshlariga oʻrnak boʻldilar.
Xususan, mamlakatimizda tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatining asosiy ishtirokchilari ham yoshlarimiz ekani, Harakat doirasida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining 4 ming 500 nafar aʼzosi koʻngilli sifatida faol ish olib borayotgani tahsinga loyiqdir.
Sardoba suv omboridagi toshqindan talofat koʻrganlarga yordam va koʻmak koʻrsatish maqsadida Yoshlar ittifoqining xayriya karvoni tashkil etilib, aholiga kiyim-kechak, sanitariya vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, katta miqdordagi oʻquv qurollari va sport anjomlari, badiiy adabiyotlar yetkazib berildi.
Oʻz navbatida, bunday ezgu ishlar Buxoro viloyatining kuchli dovuldan zarar koʻrgan Olot va Qorakoʻl tumanlarida ham amalga oshirilgani sizlarning vatanparvarlik va olijanoblik fazilatlaringizdan dalolat beradi.
Fursatdan foydalanib, ogʻir sinov kunlarida xalqimizga haqiqiy tayanch va suyanch boʻlib maydonga chiqqan Qurolli Kuchlarimizning mard va matonatli harbiy xizmatchilariga, jonkuyar shifokorlar, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlarimizga, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillariga, Yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga – barcha Oʻzbekiston yoshlariga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.
Vatanimiz, el-yurtimiz sizlar kabi fidoyi va jasur farzandlari bilan hamisha faxrlanadi!
Muhtaram yosh doʻstlarim!
Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallash har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi shartiga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Anashu haqiqatni chuqur anglagan holda, biz navqiron avlodimizning ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etmoqdamiz.
Shu maqsadda ulugʻ allomalarimiz nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi, Fargʻona shahrida “Loyihalar fabrikasi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, Prezident va ijod maktablari boʻyicha dasturlarimiz izchil davom ettirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum.
Iqtidorli yoshlarni yana-da qoʻllab-quvvatlash uchun har bir hududda Yoshlar texnoparklarini barpo etishni boshladik. Umumiy qiymati 30 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan “Yosh olimlar” amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi.
Karantin sharoitiga qaramasdan, 6 milliondan ortiq maktab oʻquvchilari, 468 ming talaba oʻquv dasturlarida belgilangan darslarni oʻz vaqtida va sifatli oʻzlashtirdi. “Online-maktab” loyihasi doirasida 17 ta fan boʻyicha 4 mingdan ortiq telemashgʻulotlar oʻtkazildi.
Bu jarayonga eng malakali pedagoglar jalb etildi, jumladan, Toshkentdagi Prezident maktabining xorijlik mutaxassislari tomonidan ham mahorat darslari olib borildi. Imkoniyati cheklangan bolalarni oʻqitishga alohida eʼtibor qaratilib, barcha darslar surdopedagog va surdotarjimonlar tomonidan tushuntirib borildi.
Oʻzbekistonning bu tajribasi YUNESKO, YUNISEF, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Bugungi shiddatli zamonda, global miqyosda raqobat kuchayib borayotgan murakkab vaziyatda yuksak intellektual salohiyatga ega kadrlarga ehtiyoj har qachongidan ham ortib bormoqda. Shu bois biz oʻz oldimizga qoʻygan ulkan va masʼuliyatli vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida tub oʻzgarishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Jumladan, keyingi uch yilda respublikamizdagi oliy oʻquv yurtlari soni 60 foizga oshib, 116 taga yetdi. Ular orasida nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari borligi alohida eʼtiborga loyiq. Mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari soni izchil oshirib borilmoqda. Agar 2016-2017 oʻquv yilida bu raqam 58 mingtani tashkil etgan boʻlsa, joriy yilda 150 mingtaga yetadi. Yaʼni, bu yil maktab bitiruvchilarining 25 foizi oliy oʻquv yurtlarida oʻqish imkoniga ega boʻladi. Holbuki, 2017-yilda bu raqam 9 foizga teng edi.
Millat genofondini saqlash va davom ettirishning muhim omili boʻlgan yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash masalasi doimo eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Soʻnggi uch yilda 2 ming 668 ta yosh oilaga uy-joy uchun 121 milliard 244 million soʻm boshlangʻich toʻlov mablagʻlari 20 yil davomida foizsiz qaytarish sharti bilan toʻlab berildi.
Barchamiz guvohmiz – bugun dunyo misli koʻrilmagan surʼatlar bilan keskin oʻzgarib bormoqda. Ijtimoiy hiyotimizda koʻplab ijobiy jarayonlar bilan birga, yosh avlodning qalbi va ongini egallashga qaratilgan maʼnaviy tahdidlar ham tobora xavfli tus olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda farzandlarimizni zararli taʼsirlardan asrash, doimo hushyor va ogoh boʻlib yashash eng dolzarb vazifamiz boʻlib qolmoqda.
Yoshlarimizni ona Vatanimizga, mustaqillik gʻoyalariga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning isteʼdod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida boshlagan katta ishlarimizni bundan buyon ham qatʼiyat bilan davom ettiramiz.
Ayni shu maqsadda yurtimizning barcha viloyat va tumanlarida, shahar va qishloqlarimizda yangi-yangi taʼlim dargohlari, madaniyat va sanʼat maskanlari, sport inshootlari barpo etilib, yoshlar ixtiyoriga berilmoqda.
Shular qatorida poytaxtimizda bunyod etilgan muhtasham “Gʻalaba bogʻi”, “Shon-sharaf” muzeyi, Toshkent shahrining tarix muzeyi, betakror Adiblar xiyoboni farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Yoshlarimizni jismoniy sogʻlom, maʼnaviy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun besh ijobiy tashabbus doirasida koʻplab stadionlar, suv havzalari, sport majmualari va saroylari barpo etilmoqda.
Eng muhimi, farzandlarimiz oʻrtasida sport bilan muntazam shugʻullanadigan, sogʻlom turmush tarzini oʻz hayotiy maqsadiga aylantirgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda.
Qadrli vatandoshlar!
Bugun jonajon Oʻzbekistonimizda erkin va obod, farovon hayot qurish yoʻlida biz boshlagan ulkan ishlarni davom ettirishga qodir boʻlgan yangi avlod shakllanmoqda.
Aziz oʻgʻil-qizlarim, hech qachon unutmang, xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlarni kutmoqda.
Shu muqaddas ishonch va masʼuliyatni har tomonlama oqlash, unga munosib boʻlish – dunyodagi eng ulugʻ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf barchangizga nasib etsin!
Sizlarni sevimli bayramingiz, azmu shijoat, goʻzallik va kamolot ayyomi – Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti