O‘zbekistondagi yirik multimodal logistika markazlarini “Quruqlik portlari” xalqaro kelishuviga qo‘shish hamda ularga xalqaro quruqlik portlari maqomini berish yuzasidan BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP)ga taklif berildi.
Avval xabar berilganidek, BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasida bo‘lib o‘tayotgan “Quruqlik portlari va multimodal transport” bo‘yicha ekspertlar uchrashuvida Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori B.Xolmatov ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda respublikamizdagi 15 ta yirik multimodal logistika markazlarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi va ularni xalqaro logistika tizimiga integratsiyasini amalga oshirish maqsadida xalqaro kelishuvning ilovasiga qo‘shish yuzasidan tegishli taklif berildi.
Ma’lumot o‘rnida: Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi logistika markazlarini BMTning “Quruqlik portlari” xalqaro kelishuvi talablariga muvofiq kelishi yuzasidan o‘rganish olib borgan.