Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili amalga oshiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
12.02.2020 9576 Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-fevral kuni mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mahalla tizimi jamiyatimizning eng muhim va tayanch boʻgʻini hisoblanadi. Oxirgi uch yilda uni rivojlantirish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi.

Xususan, mahalla institutiga oid 38 ta qonun va meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi, 50 dan ortigʻi takomillashtirildi. Jamiyat hayotida jonbozlik koʻrsatgan soha xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Fuqarolar yigʻinlari raislari va masʼul kotiblarining oylik ish haqi oʻtgan yilning oʻzida 1,5 barobarga oshirildi.

Soʻnggi uch yilda 624 ta mahalla idorasi yangidan qurildi, 2 ming 265 tasi rekonstruksiya qilindi va taʼmirlandi. 102 ta tuman va shahar markazida “Mahalla markazi” majmualari barpo etildi. Har bir fuqarolar yigʻinida “Keksalar maslahati” guruhlari, 4 mingdan ziyod mahalla binolarida kutubxonalar tashkil qilindi.

Mahalla faollarining masʼul tashkilotlar va profilaktika inspektorlari bilan hamkorligida oxirgi uch yilda 87 mingga yaqin kam taʼminlangan oila ehtiyojmandlik darajasidan chiqarildi.

Prezidentimiz mahalla tizimidan xalq ham, davlat ham toʻla rozi emasligini, bu sohada kamchilik va dolzarb masalalar koʻpligini taʼkidladi.

Xususan, mahallalarda 18 mingdan ortiq xodim faoliyat koʻrsatib kelayotgan boʻlsa-da, ularning ishi samarali tashkil etilmagan. Oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi holatlarning oldini olish boʻyicha tizim yoʻlga qoʻyilmagan. Oqibatda ayrim mahallalarda notinch oilalar, huquqbuzarliklar koʻpaygan. Shuningdek, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar orasida oʻz joniga suiqasd qilish holatlari uchrayotgani juda achinarli.

Yigʻilishda oilaviy ajrimlar, yoshlar salomatligi, erta tugʻruqlar, maʼnaviy-axloqiy tarbiya bilan bogʻliq muammolar koʻrsatib oʻtildi.

– “Oila – muqaddas” degan azaliy va ezgu gʻoya qadrsizlanib, ming yillik milliy qadriyatlarimiz zavol topar ekan, bu kabi ogʻriqli holatlarni kamaytirib boʻlmaydi. Buning uchun mahalla katta ijtimoiy kuch sifatida maydonga chiqishi kerak. Chunki faollar, koʻpni koʻrgan oqsoqollar, tajribali nuroniylarimiz, agar istasa, jamoatchilik bilan birgalikda har qanday muammoni hal qilishga, xato qilgan yoshlarni toʻgʻri yoʻlga solishga qodir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda mahallalarning oʻzida ham qator muammolar borligi qayd etilib, ularni qoʻllab-quvvatlash, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Masalan, bugungi kunda 1 ming 234 ta fuqarolar yigʻini turli tashkilotlar yoki tadbirkorlarga tegishli binolarda joylashgan. Yana mingdan ziyodi ijtimoiy muassasalarda, 78 tasi qoʻshni mahalla yigʻinlari binolarida faoliyat koʻrsatmoqda, 48 ta mahalla binosi avariya holatida. Mahalla binolari uchun kommunal toʻlovlarni toʻlash boʻyicha maqbul va yagona tartib ishlab chiqilmagan.

Mahalla tizimida kadrlar qoʻnimsizligi odatiy holga aylangan. Mahalla xodimlarini ularga bogʻliq boʻlmagan ishlar, yigʻilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish taqiqlangan boʻlsa-da, bu borada sezilarli oʻzgarish boʻlmayapti.

Mahalla fuqarolar yigʻinlari zimmasiga 200 dan ortiq vazifa yuklangan. Lekin bor-yoʻgʻi 2 ta shtat birligi bilan shuncha vazifani bajarish mumkinmi, deb oʻylab koʻrilmagan. Hech bir hokim yoki kengash mahallalar faoliyatining samaradorligini oshirish masalasini muhokama qilmagan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yaqinda yoʻllagan Murojaatnomasida mahalla tizimini oʻzgartirish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini joriy etish zarurligi toʻgʻrisida fikr bildirgan edi.

Videoselektor yigʻilishida ana shu tamoyilni amalga oshirish, mahalla tizimini isloh etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari mahallalarda toʻplanib qolgan muammo va kamchiliklarga samarali yechim topish, tinchlik-osoyishtalikni asrab-avaylash yoʻlida barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish shartligini taʼkidladi. Ushbu ulkan sohaga masʼul alohida davlat idorasi – Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etish taklifi bildirildi.

Qayd etilganidek, yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi va ularning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yoʻlida faoliyat koʻrsatishlarini taʼminlaydi. Bir soʻz bilan aytganda, joylarda muammolarni hal qilishning yaxlit va taʼsirchan vertikal tizimi yaratiladi.

Vazirning birinchi oʻrinbosari oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalarga masʼul etib belgilanadi. Vazirning yana bir oʻrinbosari keksalarni ijtimoiy ragʻbatlantirish, yoshlarda vatanparvarlikni mustahkamlash masalalari bilan shugʻullanadi. Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tomorqa va obodonlashtirish, ekologiya, bandlikka koʻmaklashish masalalariga masʼul oʻrinbosar lavozimi joriy etiladi.

Vazir – “Mahalla” jamgʻarmasiga, vazirning birinchi oʻrinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash” jamoat fondiga, Keksalar va faxriylar boʻyicha oʻrinbosar “Nuroniy” jamgʻarmasiga raislikni ham bajaradi.

Vazirlikning hududiy boshqarma va boʻlimlari boshliqlari hokim oʻrinbosari hisoblanadi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi hududlardagi ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari darajasiga koʻtariladi. Mahalla va oila masalalari vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi.

Yangi tuzilmada xotin-qizlar bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu vaqtga qadar xotin-qizlar qoʻmitalarida, mahallalarda mehnat qilib kelgan ayollar tuzilmada faoliyatini davom ettiradi, ularning mavqei, moddiy shart-sharoitlari va ish haqi ham sezilarli oshiriladi.

Mahalla raisining vakolat muddati uch yildan besh yilga oʻzgartiriladi. Uning uch nafar oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi. Profilaktika inspektori endilikda mahalla raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari boʻlib ishlaydi. U ham 5 yil muddatga tayinlanadi.

Mahallalardagi turli yoʻnalishlar boʻyicha tashkil etilgan, biroq kutilgan samarani bermay kelayotgan 12 ta jamoatchilik komissiya va tuzilmalari ham optimallashtiriladi.

Yigʻilishda mahalla institutining iqtisodiy-moliyaviy asoslarini kuchaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Joriy yil 1-martdan mahalla raisi va uning oʻrinbosarlari oylik ish haqi oʻrtacha 1,35 baravarga oshirilishi begilandi.

Mahalla xodimlari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini baholashning yagona mezoni ishlab chiqiladi va samaradorlik reytingi joriy qilinadi. Barchaga oʻrnak boʻladigan mahallalar aniqlanib, munosib ragʻbatlantirib boriladi.

“Har bir oila tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Hunarmandchilik” dasturlari doirasida mahallalarga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun arzon kredit mablagʻlari ajratiladi. Bu mablagʻlar hisobiga sartaroshxona, novvoyxona, shuningdek, hunarmandchilik, tikuv, qandolatchilik sexlari, otalar choyxonasi, guzar maskanlari tashkil etiladi.

Moliya vazirligiga mahallalarni qoʻllab-quvvatlashning iqtisodiy-moliyaviy asoslarini puxta ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga mahallalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular faoliyatiga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Mahalla fuqarolar yigʻinlari endilikda “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi va osoyishtalikni taʼminlash, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish, tomorqalardan unumli foydalanish, yer uchastkalarini noqonuniy egallashning oldini olish, hududni obodonlashtirish kabi masalalar bilan shugʻullanishi taʼkidlandi.

Fuqarolar yigʻinlarining faoliyatiga xos boʻlmagan 50 dan ortiq vazifa bekor qilinishi, profilaktika inspektorlariga yuklatilgan ortiqcha topshiriqlar ham keskin qisqartirilishi belgilandi. Mahalla raisiga qoʻshimcha huquqlar berilib, maqomi va obroʻsi kuchaytirilishi qayd etildi.

Mutasaddilarga “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyiliga asoslangan yangi tizimni joriy etish, mahallaga va qadriyatlarimizga hurmat tuygʻusini shakllantiradigan sahna asarlari va badiiy filmlar yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha taʼsirchan tizimni shakllantirish maqsadida profilaktika inspektori koʻrib chiqadigan maʼmuriy huquqbuzarliklar sonini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Ichki ishlar vazirligiga profilaktika inspektorlariga yaratilgan sharoitlarni oʻrganib, tayanch punktlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifasi qoʻyildi. Shu bilan birga, profilaktika inspektorlari faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqib, bu vazifaga munosib xodimlarni qoʻyish boʻyicha topshiriq berildi.

Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida fuqarolar yigʻinlari komplekslarini qurish, boʻsh turgan binolarga mahalla idoralarini joylashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Mahallalarda ahillik va oʻzaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yosh avlodda vatanparvarlik, mehnatsevarlik tuygʻularini kuchaytirishda keksalar tajribasidan foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Mahalla va oila masalalari boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish hamda amaliyotga joriy etish maqsadida “Oila” va “Mahalla ziyosi” markazlari negizida “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari mahallalar milliy mentalitetimiz koʻzgusi ekanini, jamiyat hayotida katta oʻrin tutishini taʼkidlar ekan, Navroʻz bayramiga hamohang tarzda 22-mart sanasini “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʼlon qilishni taklif etdi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi, nuroniylar va faollar fikr bildirdi.