Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

“Ochiq osmon” rejimi raqobatni kuchaytiradi, narxlarni tushiradi, turistlar oqimini oshiradi

Chop etish Sahifani ulashish
18.06.2020 8841 Yangiliklar

 

Joriy yilning 1 avgustidan O‘zbekistonning barcha hududiy aeroportlarida «Ochiq osmon» rejimi joriy etiladi.

«Ochiq osmon» rejimi nima degani? Bu rejim joriy etilsa, milliy aviakompaniya faoliyatiga salbiy ta’sir qilmaydimi? Yo‘lovchilarga qanday imkoniyatlar beriladi, narxlar arzonlashadimi?

O‘zA muxbiri shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek ChORIEV bilan suhbatlashdi.

– 2020 yil 12 iyun kuni transport vazirining O‘zbekiston Respublikasi aeroportlarida «Ochiq osmon» rejimini joriy etish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqdi. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 2019 yil 13 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonlariga muvofiq yurtimizda fuqaro aviatsiyasi va turizm sohalarida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqildi.

«Ochiq osmon» rejimi 2020 yilning 1 avgustidan boshlab Xalqaro havo transporti tashkilotining «Qish 2022/2023» mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni o‘zgartirish imkoniyati bilan O‘zbekiston Respublikasining 10 ta hududiy aeroportida «beshinchi havo erkinligi» huquqini qo‘llagan holda joriy etiladi.

Buyruqqa muvofiq «Ochiq osmon» rejimi Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy va Urganch shaharlaridagi aeroportlarda hech qanday cheklovlarsiz tashkil etiladi. Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand shaharlaridagi aeroportlarda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga a’zo davlatlarning aviakompaniyalariga ularning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda parvozlar soni cheklovlarisiz O‘zbekiston Respublikasi tashuvchilari foydalanmagan yo‘nalishlarda «beshinchi havo erkinligi» va yo‘lovchi parvozlarini amalga oshirish huquqi bilan amalga oshiriladi.

Samarqand shahridagi aeroportda qayta ta’mirlash ishlari yakunlangach, joriy etiladi. Mazkur rejimga muvofiq Navoiy va Termiz shaharlaridagi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalarga yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun «yettinchi havo erkinligi»ga qadar bo‘lgan huquqlar beriladi.

– Shu o‘rinda savol tug‘iladi: «Ochiq osmon» rejimi nima degani?

– Fuqaro aviatsiyasida «Ochiq osmon» rejimi xorijiy aviakompaniyalar uchun mamlakat aeroportlaridan foydalanish shartlarini erkinlashtirish va kirishni yengillashtirishni anglatadi. Havo qatnovini erkinlashtirish deganda 1944 yilda «Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi to‘g‘risidagi konventsiya»da havo qatnovini tartibga solishning belgilangan me’yorlarini bosqichma-bosqich kengaytirish va «Ochiq osmon» deb nomlagan maxsus aviatsiya rejimlarini yaratish tushuniladi. Jami 9 ta daraja bo‘lib biz uchun eng qulayi «beshinchi havo erkinligi» darajasidir.

Xorijiy aviakompaniyalarning yurtimizga kirib kelishi iqtisodiyotimizga kattagina foyda keltiradi. Masalan, Samarqand aeroportiga qo‘ngan xorijiy aviakompaniya samolyoti uchish yo‘lagi uchun pul to‘laydi. Shuningdek, aeroportda qolgan har bir soati, yoqilg‘i olgani va boshqa xizmatlar uchun ham pul to‘laydi. Samolyotdagi yo‘lovchilar ham aeroport terminalidan, avtotransportdan foydalanadi, mehmonxonada turadi. Xullas, ular moliyaviy oqimni oshiradi.

– Bu milliy aviakompaniya faoliyatini cheklab qo‘ymaydimi?

– «Ochiq osmon» rejimidan foydalangan boshqa aviakompaniyalar milliy aviakompaniyamiz faoliyatiga to‘siq bo‘lmaydi, aksincha yordam beradi. Mazkur rejim tatbiq qilingan mamlakatlarning milliy aviakompaniyalari yanada rivojlanganini kuzatdik. «Ochiq osmon» rejimi raqobatni kuchaytirib, milliy aviakompaniyamiz rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

– “Ochiq osmon” rejimi yo‘lovchilarga qanday imkoniyat beradi? Narxlar arzonlashadimi?

– O‘zbekiston xorijiy aviakompaniyalarga yangi bozorini ochib bermoqda. Bu yo‘lovchilarimizga yangi manzillarga boshqa aviakompaniya orqali borish imkonini beradi. Mamlakatimizga keladigan turistlar, investorlarga qulaylik yaratadi. Fuqarolarimiz olisdagi biz bora olmaydigan davlatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar orqali borishi mumkin.

Ular o‘zi turgan hududdan uchinchi davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Masalan, Buxorolik yo‘lovchi Istanbulga borishi uchun Toshkentga kelishi kerak. «Ochiq osmon» rejimi ishga tushgach esa, yo‘lovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Istanbulga parvoz qilayotgan aviakompaniya xizmatidan foydalanadi. Bir yo‘nalishda bir nechta aviakompaniya xizmat ko‘rsatsa, tabiiyki, raqobat paydo bo‘ladi. Raqobat bo‘lganidan so‘ng yo‘lovchida tanlash imkoniyati yaratiladi. Xizmatlar kengaygani sari narxlar ham arzonlashishi ehtimoli yuqori. Aviakompaniyalar arzon narx taklif qilish bilan birgalikda qo‘shimcha xizmatlarni ham tavsiya etishi mumkin.

– “Ochiq osmon” rejimi nega aynan 2020 yilning 1 avgustidan boshlanadi?

– Muntazam parvozlarni amalga oshirish ikkita – qishki va yozgi mavsumdan iborat. Yangi yo‘nalishlarda parvozlarni tashkillashtirish va amalga oshirishga qiziqish bildirgan yoki amaldagi parvozlar sonini oshirishni rejalashtirgan xorijiy aviakompaniyalar tayyorgarlikni ana shu mavsumlarga qarab boshlaydi. Tayyorgarlik jarayoni ham ma’lum vaqtni olishi tabiiy. O‘zbekiston hududida faoliyat olib borishni xohlovchi xorijiy aviakompaniyalar o‘rnatilgan tartibda talab etilgan hujjatlarni Transport vazirligi huzuridagi «O‘zaviatsiya» agentligiga yoki Transport vazirligining Havo transportini rivojlantirish departamentiga topshirishlari lozim. Alohida ta’kidlashim kerakki, amalga oshirilayotgan barcha parvozlar karantin qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

– Demak, bu rejim turizm sohasini yanada rivojlantiradi.

– Ushbu rejimni joriy etishdan maqsad – respublikamizning turistik oqimini oshirish hamda mintaqaviy aviatsiya markazi sifatida salohiyatini rivojlantirish. Mamlakatimizga kelgan har bir turist yaxshi taassurot bilan ketsa, u yana O‘zbekistonga qaytib keladi. Boshqalarni ham shunga da’vat etadi. Buning uchun har bir hudud aeroportlaridagi infratuzilma yangilanadi. Aeroport ichida yo‘lovchilarga barcha qulaylik yaratiladi.

«Ochiq osmon» rejimi qo‘shimcha ishchi kuchi, xizmatlar yaratadi. Hududlardagi rahbarlar turizm bo‘yicha agentliklarni jalb etib, turistlar oqimini oshirish bo‘yicha yangi xizmatlarni joriy etadi. Hududiy aeroportlar mustaqil ish yuritib, o‘z salohiyatidan kelib chiqib, ko‘proq yo‘lovchilarni jalb etishga intiladi. Har bir hudud aeroporti turistlarni jalb etish uchun qo‘shimcha xizmatlar joriy qilishga urinadi.

 

Xurshid QODIROV suhbatlashdi, O‘zA