O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Ma’lumki, 2021 yilda xalqimiz necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilib, intilib yashagan va XX asr so‘nggida erishgan, mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk, olamshumul voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilinganiga o‘ttiz yil to‘ladi.
Mustaqillik yillarida ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi o‘zining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi, og‘ir sinov va mashaqqatlarni mardona yengib, katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.
Yurtimiz ilgarigi iqtisodiyoti bir tomonlama shakllangan, qoloq respublikadan barcha sohalarda jadal rivojlanib, fuqarolarning hayot darajasi, siyosiy-ijtimoiy faolligi, ongu tafakkuri tobora yuksalib borayotgan, jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida uzoq-yaqindagi barcha mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini keng miqyosda olib borayotgan zamonaviy, ochiq va demokratik davlatga aylandi.
So‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarimiz natijasida, ayniqsa, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga joriy etish asosida mamlakatimizning siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotini tubdan yangilash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini real voqelikka aylantirish borasida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
Jahon miqyosida davom etayotgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqirozga, shuningdek, boshqa turli tahdid va xatarlarga qaramasdan, xalqimizning mustaqil taraqqiyot yo‘lidagi amaliy harakatlari izchil davom ettirilmoqda.
Jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhiti mustahkamlanmoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar, hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlari va daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi bosib o‘tgan rivojlanish yo‘limizni sarhisob qilish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish jarayonlarini chuqur tahlil qilish orqali oldimizda turgan ustuvor vazifa – O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri uchun poydevor yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni yanada kuchaytirishda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimiz mustaqilligining ulkan siyosiy, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini inobatga olib, istiqlol yo‘lining asosiy maqsad va vazifalarini yangi bosqichda og‘ishmay, samarali davom ettirish, bu qutlug‘ sanani davlatimiz va jamiyatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboriga munosib yuksak saviyada, umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Respublika komissiyasi) tashkil qilinsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni atroflicha yoritishga alohida e’tibor qaratgan holda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari dasturini (keyingi o‘rinlarda – Dastur) tasdiqlasin:
jamiyatda qonun ustuvorligi va sudlarning mustaqilligini ta’minlash, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlarining vakillik organlari va jamoatchilik oldida hisobot berish tizimining yo‘lga qo‘yilgani, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar;
mamlakatimizni modernizatsiya qilish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimining sifati va samarasini yanada oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar;
“Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” va “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyillari asosida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha erishilayotgan natijalar;
iqtisodiyotni liberallashtirish, iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirlarni qisqartirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini kuchaytirish, valyuta bozorini erkinlashtirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish dasturlari, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi;
“Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” tamoyilini hayotga joriy etish orqali aholini tadbirkorlikka keng jalb etish, biznes yuritish shartlarini yengillashtirish, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilik, hunarmandchilikni rag‘batlantirish uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar;
“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Bir million dasturchi” kabi ijtimoiy loyihalarning joriy etilishi, aholi bandligini ta’minlash, uning real daromadlarini izchil oshirib borish, ta’lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, sport sohalarini tubdan rivojlantirish;
jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni va nufuzini, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni har tomonlama himoya qilish, yosh qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun ko‘mak va yordam berish, tadbirkor ayollarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar;
yoshlarga oid davlat siyosatini samarali olib borish, jumladan, yoshlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularni munosib ish bilan ta’minlash, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga tayyorlash, yosh tadbirkorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturlar;
aholini turar joy bilan ta’minlash, xususan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar va infratuzilma tarmoqlarini barpo etish, keksa avlod vakillarini, yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yordam va ko‘makka muhtoj fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlar;
buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini barpo etish borasida belgilab berilgan uzoq muddatli strategik vazifalar doirasida milliy g‘oyani rivojlantirish, jumladan, davlat tilining o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan amaliy harakatlar;
xalqimizning dunyoqarashi, siyosiy ongi va tafakkuri, hayotga va mehnatga munosabati o‘zgarib, ijtimoiy muammolarni hal etishda davlat va fuqarolik institutlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar;
jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chet ellardagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik hamda hamkorlik munosabatlarining tubdan yaxshilangani, mintaqaviy va xalqaro muammolarni birgalikda hal etish sa’y-harakatlari;
mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan katta e’tibor, xususan O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, hadis va kalom maktablarini tashkil etish bilan bog‘liq amaliy ishlar;
xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli ta’minlash maqsadida Qurolli Kuchlar tizimida olib borilayotgan keng miqyosdagi islohotlar, jumladan, milliy armiyani modernizatsiya qilish, harbiy sanoat kompleksini yaratish, harbiy ta’lim tizimi va huquq-tartibot organlari faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq ulkan o‘zgarishlar;
jahon miqyosida turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olib, ekstremizm, terrorizm, narkotrafik, odam savdosi, global pandemiya kabi tahdidlar kuchayib borayotgan bugungi tahlikali zamonda hayotning o‘zi talab qilayotgan mezonlar asosida doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan muhim ishlar.
3. Respublika komissiyasi (A.N.Aripov):
Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari va Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarining faoliyatini muvofiqlashtirib borsin;
joylarda taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va jamoat tashkilotlari vakillari bilan aholining keng qatlamlari o‘rtasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar va badiiy kechalar o‘tkazilishini ta’minlasin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ilmiy va ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblari, jumladan, maqom va baxshichilik san’ati vakillari, iste’dodli yosh ijrochilardan iborat ijodiy guruhlarni shartnoma asosida jalb etish choralarini ko‘rsin.
4. Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda keng jamoatchilikning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi sanasi munosabati bilan:
poytaxtimizda “Istiqlol” majmuasini tashkil etish va u yerda mustaqilligimizning mazmun-mohiyati va tarixiy ahamiyatini aks ettiradigan yodgorlik kompozitsiyasini barpo etish;
Toshkent shahrida barpo etilayotgan yer usti metro halqa yo‘lini “O‘zbekiston mustaqilligining o‘ttiz yilligi” deb nomlash;
“O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri va rivojlanish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani tashkil etish;
o‘tgan davrda erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomini hamda har bir sohada amalga oshirilgan islohotlar natijalarini yoritib beruvchi kitob-albom va to‘plamlarni nashr etish;
2021 yilda yurtimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan barcha xalqaro madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari, ilmiy konferensiyalar, ajdodlarimiz yubiley sanalarini mustaqillikning o‘ttiz yilligi g‘oyasi va ruhi bilan uyg‘un va hamohang holda tashkil etish;
madaniyat va san’atning barcha yo‘nalishlari (musiqa, teatr, kino, tasviriy va amaliy san’at, sirk, xalq ijodiyoti) bo‘yicha respublika miqyosida festival va ko‘rgazmalarni tashkil etish;
yurtimiz mustaqilligini tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari hamda tarixiy va zamonamiz qahramonlari hayoti va faoliyati haqidagi pesalar tanlovlarini tashkil etish;
mustaqillik yillarida erishilgan ilmiy yutuqlar asosida yaratilgan innovatsion loyiha va texnologiyalar ko‘rgazmalarini o‘tkazish haqidagi takliflari ma’qullansin.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Hukumat qarorini qabul qilsin.
5. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov):
a) mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbirlarini zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yuqori badiiy saviyada o‘tkazish uchun mamlakatimiz va xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish choralarini ko‘rsin;
b) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (I.U.Madjidov), Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X.Shermatov), Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi (R.D.Qurbonov), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M.Xodjimatov) va Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yurtimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniyat markazlarini keng jalb etgan holda bayram tantanalari va xalq sayillarini tashkil qilsin;
madaniyat va istirohat bog‘larida shartnoma asosida taniqli san’at namoyandalari, badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etilishini ta’minlasin;
keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davri poydevorini yaratishga bag‘ishlangan publitsistik maqolalar va she’rlardan iborat kitobni respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan chop etsin.
6. Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov) Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov), “O‘zbekkino” milliy agentligi (F.F.Abduxalikov), Badiiy akademiya (A.V.Nuriddinov), Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M.Xodjimatov) bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarda davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi munosabati bilan keng jamoatchilik, jumladan, xorijiy mamlakatlarda yashayotgan vatandoshlarimizni jalb qilgan holda “O‘zbekiston kunlari”ni o‘tkazsin va uning doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirsin.
7. “O‘zbekkino” milliy agentligi (F.F.Abduxalikov) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
bir oy muddatda davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami munosabati bilan filmlar yaratish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2021 yil davomida barcha tuman (shahar)lar, qishloq va ovullarda, shuningdek, milliy telekanallarda mustaqillik yillarida yaratilgan eng yaxshi badiiy va hujjatli filmlarning keng namoyishini tashkil etsin.
8. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) Badiiy akademiya (A.V.Nuriddinov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov), Jurnalistlar ijodiy uyushmasi (X.X.Salimov) va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta’minlasin.
9. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
10. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Ko‘chimov), “Dunyo” axborot agentligi (S.L.Suyarov) va boshqa ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2020 yil 17 dekabr