Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy kengashning norasmiy sammitida ishtirok etdi

Chop etish Sahifani ulashish
31.03.2021 5056 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida o‘tgan norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raislik qilgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti - Elboshi, Turkiy kengashning Faxriy raisi Nursulton Nazarboyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban va Turkiy kengash bosh kotibi Bag‘dod Amreyev qatnashdi.

Tadbirda tashkilot doirasida iqtisodiyot, savdo, transport sohalaridagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda barcha turkiy xalqlarning ma’naviy yuksalishiga katta hissa qo‘shgan buyuk shoir va mutafakkir Xoja Ahmad Yassaviy merosiga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari diniy-axloqiy qarashlari bilan mintaqamizda ulkan e’tibor qozongan hazrat Yassaviyga Sohibqiron Amir Temur ixlos qo‘ygani hamda uning xotirasiga atab Turkiston shahrida muhtasham maqbara bunyod etganini qayd etdi.

Bugungi kunda Ahmad Yassaviy maqbarasi barcha qardosh xalqlarimiz uchun tabarruk qadamjo hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida mustahkam tarixiy rishtalar, mushtarak til, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida shakllangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiya ta’sirida davom etayotgan global inqirozning salbiy oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish yo‘lida kengashning yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, savdo, investitsiya, sanoat, transport aloqalarini tez fursatda tiklash va yangi sharoitlarda rivojlantirish, elektron tijorat hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, ishbilarmon doiralar va hududlararo hamkorlik imkoniyatlaridan to‘liqroq foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifalardan biri ekanligi, Turkiy kengash doirasida Investitsiya jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini tashkil etish va ishga tushirish bo‘yicha amaliy ishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kilandi.

O‘zbekiston Prezidenti mintaqamizning ulkan strategik ahamiyatga ega transport va tranzit salohiyatidan yanada unumli foydalanishga, Osiyodagi global bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Markaziy Osiyo hududida transport yo‘laklarini, shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga eltuvchi yo‘nalishlarni rivojlantirish, logistika infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirishga chaqirdi. 

Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashga a’zo mamlakatlardagi muqaddas qadamjolar bo‘ylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish, shu maqsadda Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi.

Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning turkiy dunyo ma’naviy-marifiy hayotiga qo‘shgan beqiyos hissasini inobatga olib, davlatimiz rahbari fan, ta’lim, adabiyot, san’at, ijtimoiy sohalardagi yutuqlar hamda turkiy dunyo birligini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarni rag‘batlantirish maqsadida Turkiy kengash doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis qilishni taklif etdi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari sammit ishtirokchilari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Oliy darajadagi uchrashuv yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilinib, unda norasmiy sammitda erishilgan asosiy kelishuvlar aks etdi.

Turkiy kengashning sakkizinchi sammitini 2021 yilning kuzida Turkiya Respublikasida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.