“Toshkent – Samarqand – Qarshi” yo‘nalishidagi temir yo‘l uchastkasida harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning navbatdagi sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilish, odatdagiday Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalining katta majlislar zalida boshlandi. Tadbirda, oldingi yig‘ilishlarda qabul qilingan qarorlar hamda Transport vaziri tomonidan tasdiqlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlash, hududlarni obodonlashtirish, shaharsozlik talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida belgilangan topshiriqlarning ijrosi muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, yig‘ilish ishtirokchilari Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan harakatini boshlagan 126-Diagnostika laboratoriyasi vagonida “Toshkent – Samarqand – Qarshi” yo‘nalishidagi yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatlanadigan temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni va mavjud kamchiliklarni nazorat qilib chiqdilar.
Safar davomida jazirama ob-havo sharoitida temir yo‘lda, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalarda harakat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, kontakt tarmoqlari, po‘lat izlarning holati ko‘zdan kechirildi.
Idoralararo komissiyaga yuklangan vazifalarni bajarish maqsadida yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi holati tahlil qilindi hamda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligiga xavf soluvchi qoida buzarliklar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarning oldini olish va bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida jamoat tartibini ta’minlashni nazorat qilish chora-tadbirlari amalga oshirilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar o‘rganildi. Shu bilan birga temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish, bino va inshootlarni shaharsozlik talablari asosida ta’mirlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, temir yo‘l uchastkalariga yaqin joylashgan aholi punktlari, o‘quv muassasalari va tashkilotlarda profilaktika va tushuntirish ishlari olib borilishi hamda odamlarning hayoti va salomatligini, temir yo‘l transporti infratuzilmasi va obyektlari butligini saqlash maqsadida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni va natijalari o‘rganildi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Idoralararo komissiya a’zolari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga tavsiyalar berildi.