27-sentabr kuni “Toshkent – Samarqand – Qarshi” yuqori tezlikda harakatlanish temir yo‘l uchastkasida Yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlashga oid chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish va muvofiqlashtirish, shuningdek, nazorat qilish bo‘yicha Idoralararo komissiyasining navbatdagi sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Transport nazorati inspeksiyasining vakili A.Abduraxmanov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi holati tahlil qilindi hamda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligiga xavf soluvchi qoidabuzarliklar o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarning oldini olish va bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, yuqori tezlikdagi temir yo‘l uchastkalarida jamoat tartibini ta’minlashni nazorat qilish chora-tadbirlari amalga oshirilishi bo‘yicha bajarilgan ishlar o‘rganildi. Shu bilan birga temir yo‘lga tutash hududlarni obodonlashtirish, bino va inshootlarni shaharsozlik talablari asosida ta’mirlash, tartibga keltirish, temir yo‘l bo‘ylab daraxt ko‘chatlarini ekish kabi masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, temir yo‘l uchastkalariga yaqin joylashgan aholi punktlari, o‘quv muassasalari va tashkilotlarda profilaktika va tushuntirish ishlari olib borilishi hamda odamlarning hayoti va salomatligini, temir yo‘l transporti infratuzilmasi va obyektlari butligini saqlash maqsadida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayoni va natijalari ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borilishi o‘rganildi. Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Idoralararo komissiya a’zolari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga tavsiyalar berildi.