Buxoro aeroportida Rossiya fuqarosidan kvadrokopter musodara qilingan holati yuzasidan
Rossiya Federatsiyasi fuqarosi M.V.Limar uchuvchisiz uchish apparatlarlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va ulardan foydalanish qoidalarini noto‘g‘ri talqin qilgan.
Uning aytishicha, “Mamlakat qonunchiligida kvadrokopterlar 250 grammdan ortig‘i majburiy ro‘yxatga olinishi shart. Biroq, sayohatchining texnikasi atigi 249 gr. (bu ishlab chiqaruvchi tomonidan dronning o‘zida chop etilgan xususiyatlar bilan tasdiqlanadi)”.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining ma’lum qilishicha, uchuvchisiz uchish apparatning og‘irligi 250 gr. dan oshmagan holda qurilma foto va video uskunalar bilan jihozlangan bo‘lsa, uni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va undan foydalanish uchun ruxsat talab etilmaydigan uchuvchisiz uchish apparatlari qatoridan chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 - yil 31 - avgustdagi 287-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi» Nizomga asosan, o‘yinchoq model deganda, avtonom parvozni boshqarish va navigatsiya funksiyasiga ega bo‘lmagan, foto va video uskunalar bilan jihozlanmagan, vazni 250 grammdan oshmaydigan uchuvchisiz uchish apparati tushuniladi.
Chet ellik sayyohlar va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan talab ortib borayotganligi munosabati bilan hamda turizmni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 - yil 26 - noyabrdagi 322-son qaroriga 2018 - yilda tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Mazkur o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasining sayyohlik salohiyati to‘g‘risidagi foto va videomateriallarni tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish qurilmalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik olib kirish va ulardan foydalanishga ruxsat berishning soddalashtirilgan tartibini nazarda tutadi.
Shuningdek xorijiy ijodiy guruhlarga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi va «O‘zbekkino» milliy agentligining iltimosnomalari asosida ham ruxsat berish inobatga olinadi.
Bunday ruxsatnomalarni berishning soddalashtirilgan tartibi, xorijiy fuqaro yuqorida ko‘rsatgan vazirlik yoki idoralardan biriga yoki O‘zaviatsiya agentligining https://bla.uzcaa.uz/ru/accounts/login/ elektron platformasi orqali rasmiy murojaatini uchuvchisiz uchish apparatlarini O‘zbekiston hududiga olib kirish va ulardan foydalanish uchun ruxsat olishini ko‘zda tutadi.