O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha
Joriy yilning 9 fevral sanasida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha bir qator masalalar muhokama qilindi.
So‘nggi vaqtda jahonda koronavirus infeksiyasining yangi shtammi tarqalishi munosabati bilan aholini emlash bo‘yicha chora-tadbirlar sezilarli darajada jadallashdi. Xususan, AQSH, Buyuk Britaniya, Isroil, BAA, Xitoyda aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash ishlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mamlakatimizda barqaror epidemiologik vaziyatni saqlab qolish maqsadida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Xususan, yig‘ilishda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari B.Yusupaliyevning O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasining “Sputnik V” koronavirus vaksinasini o‘rganish yuzasidan ushbu mamlakatga tashrifi natijalari bo‘yicha hisoboti eshitildi.
Unda “Sputnik V” vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlari yakuniga yetkazilganligi hamda Rossiya Federatsiyasida ro‘yxatdan o‘tkazilganligi, shuningdek, ushbu vaksinani O‘zbekistonda sertifikatlashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha takliflar kelib tushganligi ta’kidlandi.
Rossiya Federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlili muhokama qilindi
va birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlash mumkinligi ma’qullandi.
Shu bilan birga Innovatsion rivojlanish va Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda Xitoyning “Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.,Ltd” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi “ZN2001” vaksinasining O‘zbekistonda 2020 yil dekabr oyidan boshlab 7 mingdan ortiq ko‘ngillilarda o‘tkazilayotgan uchinchi bosqich klinik sinovlari, shu jumladan, hozirgi kunga qadar birorta vaksina qabul qilgan ko‘ngillida uning nojo‘ya ta’siri kuzatilmaganligi bo‘yicha axboroti tinglandi.
Yig‘ilishda Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ga qarshi emlashni o‘tkazish algoritmi va alohida tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bunda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirish, shuningdek, birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan quyidagi shaxslarni emlash nazarda tutiladi:
65 yoshdan oshgan qariyalar va keksalar;
surunkali kasalliklari bor shaxslar;
tibbiyot xodimlari;
maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda oliy ta’lim muassasalari xodimlari;
aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.
Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat biroz bo‘lsa-da barqarorlashganini inobatga olib, aholiga madaniy xordiq chiqarishlarini tashkillashtirish maqsadida konsert saroylarining tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda (tomoshabinlarni ikkita yonma-yon o‘rindiqda joylashtirib, har uchinchisini bo‘sh qoldirish) tashkil etish tartibi belgilandi.
Shu bilan birga Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 21 dekabrdagi qaroriga muvofiq Germaniya bilan aviareyslarni (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatish bo‘yicha joriy etilgan cheklov bekor qilindi.