Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Sanoat tarmoqlarida barqarorlikni taʼminlash choralari muhokama qilindi

Chop etish Sahifani ulashish
16.04.2020 9898 Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-aprel kuni kimyo, agrotexnika va avtomobil sanoati korxonalarida ishlab chiqarish surʼatlarini taʼminlash hamda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Maʼlumki, koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar iqtisodiyotiga katta zarar yetkazmoqda. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi hisobotida maʼlum qilinishicha, bu yil jahon iqtisodiyoti koʻrsatkichlari kamida 3 foizga pasayishi kutilyapti.

Shunday murakkab davrda Oʻzbekistonda iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish va aholi daromadlari kamayib ketmasligini taʼminlash uchun barcha rezervlar ishga solinmoqda. Zarur chora-tadbirlar umumiy yondashuv asosida emas, har bir tarmoq boʻyicha alohida belgilanayotir. Ularga yordam berish, muammolarni kundalik hal qilish uchun Prezident Administratsiyasi, hukumat, vazirlik va idoralar rahbarlari 128 ta yirik ishlab chiqarish korxonasiga biriktirilgan.

Kimyo sanoati mavjud quvvatlarni saqlab qolish bilan birga yangi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Ammo tarmoqdagi bugungi holatga yigʻilishda tanqidiy baho berildi.

Qayd etilishicha, joriy yilda 9 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish va 280 million dollarlik eksport rejalashtirilgan. Bunga erishish uchun “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tarmoqdagi korxonalar faoliyatiga koʻmaklashib, talab yuqori boʻlgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishi zarurligi taʼkidlandi.

Xususan, yaqin bir oyda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatidagi polivinilxlorid korxonasi quvvatini 90 foizga yetkazish, azot kislotasi ishlab chiqarish loyihasini foydalanishga topshirish vazifasi qoʻyildi.

Hozirgi epidemiologik vaziyat bois tozalash va dezinfeksiya vositalariga talab oshgan. Xususan, qoʻshni davlatlardan 2 ming tonna gipoxloritga buyurtma kelib tushgan. Shuningdek, togʻ-kon metallurgiya sanoati uchun muhim boʻlgan sianid tuzlariga ham ehtiyoj ortmoqda.

Shu bois imkoniyatlarni toʻliq safarbar etish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish, mavjud quvvatlarni modernizatsiya qilishga qaratilgan yangi loyihalar tayyorlash yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Tashqi bozorlarda mahsulotlarimiz raqobatdoshligini oshirish uchun transport xarajatlarini kamaytirish, hamkor davlatlar bilan kelishib, temir yoʻl orqali tashishda qulayliklar yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili 12-iyulda Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodida boʻlib, mutaxassislar bilan tarmoqdagi muammolarni muhokama qilgan edi. Undagi xulosa va tahlillar asosida 31-iyul kuni davlatimiz rahbarining “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Oʻtgan vaqt mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi.

Bugungi yigʻilishda texnikalarni oʻz vaqtida sotish uchun xaridor bilan ishlash tizimini rivojlantirish, fermer va dehqonlarga bu borada kredit imtiyozlari berish zarurligi qayd etildi. “Agrotexsanoatxolding” kompaniyasiga qishloq xoʻjaligi texnikalarini elektron buyurtma asosida sotish tizimini joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mashinalari sifati va narxi tanqid qilindi, bu jihatda ular xorijniki bilan raqobatdosh emas. Texnika qimmat boʻlsa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxiga ham taʼsir qiladi.

Shu munosabat bilan hamma texnika narx-navosini tahlil qilish asosida ishlab chiqarishni optimallashtirish, metall quyish quvvatlarini tezroq ishga tushirib, lokalizatsiya darajasini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

– Mahalliylashtirishdan maqsad – oʻzimizning qishloqlarga mos, dehqonlarga toʻgʻri keladigan hamyonbop milliy traktorlar ishlab chiqarish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Paxta terimini mexanizatsiyalashni jadallashtirish, joriy yil sentyabrgacha joylarga kamida 1 000 ta paxta terish mashinasi yetkazib berish, barcha hududlarda servis markazlari tashkil etish vazifasi belgilandi.

Butun dunyoda pandemiyadan eng katta zarar koʻrgan tarmoqlardan biri avtomobilsozlik boʻlmoqda.

Bunday sharoitda korxonalarning barqaror ishlashini taʼminlash uchun avvalo ichki bozor imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish zarur.

Masalan, mamlakatimizda ehtiyot va butlovchi qismlar bozori 500 million dollarni tashkil etadi. Mahalliy mahsulotlarning undagi ulushi – atigi 9 foiz.

“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga joriy yil yakuniga qadar 300 turdagi import butlovchi qismlarni oʻzlashtirib, xorijnikidek sifatli ishlab chiqarish vazifasi qoʻyildi.

Avtomobillarning yangi modellarini ishlab chiqish, avtokredit berayotgan tijorat banklarini ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

“Samavto” va “MAN” zavodlarida maxsus texnikalar ishlab chiqarishni kengaytirish, agrar tarmoqda talab kuzatilayotgan yangi turlarni oʻzlashtirish yaxshi samara berishi taʼkidlandi.

Avtosanoat mahsulotlari eksportini oshirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Ishlab chiqarishdan tortib, savdo va servis xizmatigacha boʻlgan barcha jarayonlarni raqamlashtirish orqali sifatni nazorat qilish, mahsulotga ishonchni oshirish, ochiq-oshkoralikni taʼminlash muhimligi qayd etildi.

Videoselektor yigʻilishida kimyo, agrotexnika va avtomobil sanoati tarmoqlari mutasaddilari, yirik korxonalar rahbarlari axborot berdi.