Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

ShHTga a’zo davlatlar transport vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Chop etish Sahifani ulashish
20.06.2024 2315 Yangiliklar

Bugun, 20-iyun kuni videokonferens-aloqa shaklida Qozog‘iston Respublikasi transport vaziri Marat Karabayev raisligida ShHTga a’zo davlatlar transport vazirlarining o‘n birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Uchrashuvda davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan qarorlar doirasida ShHTga a’zo davlatlar transport organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.

 

Tomonlar transport bog‘liqligini rivojlantirish, ShHT mintaqasining transport-tranzit salohiyatini kengaytirish, transportni karbonsizlantirish jarayonlariga konsolidatsiyalashgan yondashuvlarni izlash va transport sohasida qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirish bo‘yicha tashkilotdagi mavjud mexanizmlarning hamkorligini faollashtirishga kelishib oldilar.

 

Yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov quruqlik va multimodal transport koridorlari imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish uchun Tashkilotga a’zo mamlakatlar va uning chegaralaridan tashqarida Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishida global uzluksiz yetkazib berish zanjirini yaratuvchi yagona transport tarmog‘ini shakllantirish jarayonini yakunlash zarurligini ta’kidladi.

 

Shuningdek, transportda tashuvlar jarayonini raqamlashtirishni rivojlantirish, bunda transchegaraviy punktlarni kesib o‘tishni soddalashtirish muhimligini aytib o‘tdi.

 

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston tashabbusi bilan e-Permit elektron ruxsatnoma tizimi 2021-yilda Turkiya bilan joriy etildi. 2024-yil aprel oyida mazkur tizim Qozog‘iston bilan muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Hozirda Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon bilan ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

 

Elektron ruxsatnomalardan foydalanish geografiyasini kengaytirish maqsadida biz ShHTga a’zo boshqa davlatlarni e-Permit tizimiga qo‘shilishga va bosqichma-bosqich ravishda elektron tovar-transport yuk xati eCMR dan foydalanishga chaqiramiz, – dedi M.Omarov.