O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi hamkorligida “Toshkent – Kam uglerodli avtotransportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish (TAILEV)” loyihasi Muvofiqlashtiruvchi kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash loyihaning barcha manfaatdor tomonlari, xususan, Transport vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, vazirlik va idoralar va boshqa tashkilot vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan bo‘lib, loyiha ustidan umumiy rahbarlikni ta’minlaydi. Shuningdek, loyiha doirasidagi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi hamda loyihani amalga oshirilishini tahlil qilib boradi.
Yig‘ilish davomida 2023-yilda Loyiha doirasida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi. Xususan, Toshkent shahrida joriy etilishi rejalashtirilayotgan “Yashil shahar transport yo‘lagi”ning kontsept-dizayni, yo‘lakning iqtisodiy va ekologik samaradorligi asoslari hamda loyihaning gender strategiyasi taqdimot qilindi.
Shuningdek, shu yili Toshkent shahriga keltirilgan 300 dona elektrobuslar va ularning shahar hayotiga qo‘shayotgan ijobiy ekologik va ijtimoiy ta’siri xalqaro hamkorlar tomonidan e’tirof etilayotganligi ta’kidlandi.