Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Karimov boshchiligida Toshkent viloyatida “Tashabbusli byudjet” loyihasida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan tashabbuskorlar, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, buyurtmachi va pudratchilar ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ochiq davra suhbati tarzida tashkil etilgan tadbirda har bir obyektning loyihasidan boshlab, qurilishi, sifat nazorati, qabul qilish tartibigacha muhokama qilindi.
Joriy yil Toshkent viloyati bo‘yicha 19 ta tuman shahardagi, 95 ta MFYda jami 102 ta obyektda “Tashabbusli byudjet” loyihasi asosida yo‘l qurilishi ishlari amalga oshiriladi. Bunda 271,4 km uzunlikdagi qurilish ishlari uchun 132,26 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Har bir obyekt Transport nazorati inspeksiyasining “Yo‘l-sifat nazorat” tizimida ro‘yxatga olindi va 27 obyektda qurilish ishlari boshlandi.
Inspektorlar har bir obyektning loyiha hujjatlari ishlab chiqilishidan boshlab, qurilish jarayonidan foydalanishga topshirilgunga qadar amaldagi qonunchilik talablariga asosan doimiy davlat nazoratini amalga oshiradi.
Qurilish jarayonlarida loyiha hujjatlarida belgilangan ishlarni etarlicha bajarmaslik, yoki sustkashlikka yo‘l quyilganda tashabbuskorlar, mahalla faollari Transport nazorati inspeksiyasi markaziy apparati yoki hududiy bo‘limi inspektorlarini xabardor qilishlari va muammoni darhol joyida bartaraf etish choralari ko‘rilishi belgilab olindi.
Yig‘ilishning ijobiy jihatlaridan yana biri tashabbuskorlar pudratchilar, loyiha tashkilotlari, buyurtmachilar bilan yaqindan tanishib olishdi va qurilishda sifatga erishish uchun qanday tartibda ishlar olib borilishi tushuntirildi.
Yig‘ilish so‘ng, inspeksiya rahbariyati qurilish-montaj ishlari boshlangan obyektlarga joyiga chiqqan holda loyiha hujjatlari, bajarilgan qurilish ishlari bilan tanishib, mas’ullarga qurilish jarayonida sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.