Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Temir yo‘l sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berildi

Chop etish Sahifani ulashish
16.12.2022 4135 Yangiliklar

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevga temir yo‘l sohasidagi yirik xalqaro loyihalarning amaldagi holati va kelgusi rejalar yuzasidan axborot berildi.

 

Mamlakatimiz uchun transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, jahon bozorlariga tez va erkin chiqish juda muhim. Shu bois davlatimiz rahbari xalqaro anjumanlarda bu masalani doim ko‘tarib, amaliy tashabbuslarni ilgari surmoqda. Qo‘shni va manfaatdor mamlakatlar bilan “til topishib”, loyihalar jadallashtirilmoqda.

 

Ulardan biri 454 kilometrlik “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” temir yo‘li qurilishidir. Ma’lumki, joriy yil 14-sentabrda Samarqandda bu loyiha bo‘yicha uch tomonlama Anglashuv memorandumi imzolangan edi. Noyabr oyida Xitoyning “Birinchi loyiha-tadqiqot instituti” tomonidan dala tadqiqot ishlari olib borildi.

 

Hisobot davomida rejadagi ishlar to‘g‘risida ham aytib o‘tildi. Xususan, Bishkek shahrida loyiha ofisi tashkil etiladi. Loyihani boshqarish uslubi va tartibi muhokama qilinadi. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Umuman, 1-iyungacha loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash rejalashtirilgan.

 

Sohadagi yana bir mintaqaviy loyiha “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lidir. Afg‘onistondagi murakkab vaziyatga qaramay, bu borada ham sezilarli siljishlar bor.

 

Xususan, joriy yil yozda Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahridan Pokistonning Torxam shahrigacha tadqiqot ekspeditsiyasi o‘tkazildi.

 

Qayd etilganidek, loyiha doirasida 765 kilometr temir yo‘l qurilishi mo‘ljallanmoqda. Kelgusi yili bu bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etish, xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilish, investorlar bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shulardan kelib chiqib, loyihaning texnik-iqtisodiy asosi tayyorlanadi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu rejalarni ma’qullab, hamkor mamlakatlar bilan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

 

Bu ikki temir yo‘lning qurilishi O‘zbekistonning transport kommunikatsiyalarini diversifikatsiya qilib, logistika imkoniyatlarini karrasiga kengaytiradi.