Prezidentning 21.06.2022-yildagi «Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha Xalqaro ko‘p funktsiyali transport-logistika xabini tashkil etish choralari to‘g‘risida»gi PQ-288-son qarori qabul qilindi.
BMT, boshqa xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar tomonidan Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordamning tizimli asosda, markazlashtirilgan va maqsadli etkazilishini ta’minlash maqsadida «Termez Cargo Centre» MChJga Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berildi.
Xalqaro xabga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi:
• gumanitar yordam ko‘rsatish maqsadida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
• gumanitar yordamni qabul qilish, saqlash va jo‘natishni ta’minlash;
• yuklash-tushirish ishlari, yuklarni tashish va saqlashni o‘z ichiga olgan kompleks transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari talablariga rioya etish.
«Termez Cargo Centre» MChJning Termiz xalqaro savdo markazi ishtirokchilari reestriga kiritilganligini hisobga olib hamda Prezidentning 2020-yil 12-noyabrdagi “PF-6109-son Farmoniga muvofiq:
• bojxona, soliq, sertifikatlashtirish, fitosanitariya, veterinariya, transport, bank xizmatlari, valyuta ayirboshlash xizmatlari, shuningdek, tibbiy va mehmonxona xizmatlari, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va boshqa xizmatlar «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi;
• Afg‘oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordam sifatida yuborilayotgan tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tayotganda ushbu tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi ustuvor va soddalashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.06.2022-yildan kuchga kirdi.