O‘zbekiston – Tojikiston – Xitoy o‘rtasida yangi transport yo‘laklarini tashkil etish va rivojlantirish masalalari yuzasidan uch mamlakat transport vazirliklari vakillari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda COVID-19 pandemiyasi sharoitida avtomobil transportida xalqaro tashuvlarni xavfsiz tashkil etish, kasallik tarqalishini nazorat qilish yuzasidan amalga oshrilayotgan ishlar, avtotransport vositalarining chegara o‘tkazish punktlarini kesib o‘tish tartibi, xalqaro yuk tashuvlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarning viza olish tartibi masalаlari muhokama etildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Tojikistondan Xitoyga yuklarni to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish maqsadida tashkil etilgan «Termiz – Dushanbe – Qoshg‘ar» transport yo‘lagini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda yuk tashuvlari hajmini oshrish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar to‘g‘risida fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 - yilning 10 - avgust kuni uch mamlakat hamkorligida Surxondaryo viloyatining Termiz shahridan “O‘zbekiston — Tojikiston — Xitoy” yo‘nalishida yangi trasport yo‘lagi bo‘yicha ilk tajriba-sinov avtokarvoni tashkil etilgan edi.