Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Toshkent davlat transport universiteti Fransiya ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilmoqda

Chop etish Sahifani ulashish
01.07.2020 10217 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda mamlakatimizning  Fransiyadagi elchixonasi ko’magida Yevropada aviatsiya sohasidagi eng katta o‘quv yurti hisoblangan Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi (ENAC – École nationale de lʼaviation civile) hamda Tuluza biznes maktablari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, kelajakda yurtimizda aviatsiya sohasi uchun malakali uchuvchilar, yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida videomuloqot tashkil etildi.

Ushbu videomuloqotda Fransiyaning Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabi, Tuluza biznes maktabi hamda «Airbus» kompaniyasining vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Toshkent davlat transport universiteti o‘rtasidagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi.

Videomuloqotda Frantsiyadan ENAC maktabining direktori o‘rinbosari – xalqaro ishlar bo‘yicha direktor Nikolas Kasalis, ENAC uchuvchilar maktabi direktori Teri de Baskia, Tuluza biznes maktabining aviatsiya sohasida biznes boshqaruvi magistraturasi yo‘nalishini muvofiqlashtiruvchi direktori Kristof Benaroya, O‘zbekiston Respublikasidan Transport vazirining o‘rinbosarlari Jasurbek Choriyev hamda Akmal Mirzayev, O'zbekekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va muhtor elchisi Sardor Rustambayev, Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abdurahmanov va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

Muhokamalar yakunida bir qator yo‘nalishlarda memorandum tuzishga kelishib olindi. Xususan, Toshkent davlat transport universitetida o‘quv bazasini yaratish, fuqaro aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlash yuzasidan bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma dasturlar tuzish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, uchuvchilarni tayyorlash maqsadida talabalar akademik mobillik dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni Fuqarolik aviatsiyasi milliy maktabida malaka oshirish va stajirovka dasturlari bo‘yicha o‘qishga yuborish nazarda tutilayotir.