O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan tashkil etilgan Toshkent davlat transport universitetida ilk o'quv darsi boshlandi. Shu munosabat bilan universitet faollar zalida bo'lib o'tgan seminarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqiga bag'ishlangan seminar o'tkazildi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o'rinbosari, O'zbekiston qahramoni Zayniddin Nizamxodjayev, O'zbekiston Respublikasi Transport vazirining o'rinbosari Akmal Mirzayev, Toshkent davlat transport universiteti rektori Odil Abduraxmanov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayev hamda O'zbekiston Respublikasi xalq artisti Dilorom Karimovalar so'zga chiqib, universtitet professor o'qituvchilari hamda iqtidorli talabalarga davlatimiz rahbarining O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to'qqiz yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqi va ta'lim sohasining galdagi vazifalari yuzasidan o'z fikrlarini bildirdilar.
Bugun mamlakatimizda ta'lim-tarbiya sohasi rivojiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, ilm-ma'rifat sohasi vakillari har tomonlama qo'llab-quvvatlanayotganligi, intellektual boylikning qadr topayotgani xalqimiz tarixi, mentaliteti, asriy qadriyatlari, orzu-umidlari bilan bevosita bog'liq. Prezidentimizning “Dunyoda eng katta boylik – yoshlikda olingan bilim va egallangan kasb-hunardir” degan fikri bejiz emas.
Davlatimiz rahbarining dadil qarorlari va g'ayrati bilan mamlakatda oliy ta'limni yangilash, modernizatsiya qilishda jiddiy odimlar tashlandi. Ayniqsa, yurtimizda oliy ta'lim muassasalarining soni ortib borayotganligi xalqimizning ta'lim olishga bo'lgan ijobiy qadriyatiga bo'lgan munosabat sifatida baholanmoqda.
Seminarda Transport vaziri, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy majlis senatining Fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi mas'ullari universitet yoshlarining ijtimoiy faolligini oshrish, hayotda munosib o'rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish xususida fikr almashdilar.
Universitetda ilk o'quv yilini boshlagan yoshlar o'rtasida ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishning hamkorlikdagi yo'nalishlari belgilab olindi.
Toshkent davlat transport universiteti Prezidentimizning 2020 yil 4 maydagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Universitet mamlakatimiz transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro talablar asosida tubdan ta’komillashtirish, o‘quv jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, tarmoq ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ilmiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.