Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” yoʻnalishi qurib bitkazildi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Yangi yoʻnalishning uzunligi 11,5 kilometr.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni bu yerga tashrif buyurib, jamoatchilik bilan birga poyezdda yurdi.
Aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishi inobatga olinib, Toshkent shahrida yer usti xalqa metro liniyasi qurilmoqda.
Loyiha besh bosqichda amalga oshirilmoqda. Umumiy uzunligi 54,8 kilometr, 35 ta metro bekati, 2 ta depo va 1 ta texnik koʻrik punkti quriladi.
2019-yilning avgust oyida Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” liniyasida 2 ming 303 metrlik yangi relslar yotqizilib, dastlabki poyezdlar sinov tariqasida harakatlangan edi.
Ushbu yoʻnalish qurilishida jami 341 dona tayanch ustuni, 341 dona temir beton rigellar va har birining uzunligi 26 metr boʻlgan 2 ming 73 dona balka oʻrnatilgan.
Obyekt qurilishida 3 500 dan ortiq ishchi va mutaxasislar hamda 150 ta texnika va mashina-mexanizmlar ishtirok etdi.
Yangi qurib bitkazilgan bekatlar yoʻlovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yoʻlkirani elektron toʻlash imkonini beruvchi turniketlar hamda eskalator bilan jihozlangan. Ikkinchi qavatdagi bekatlarning har biriga imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun maxsus liftlar ham oʻrnatilgan.