Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-329-son qarorida “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikdagi alohida yo‘lovchi tashish temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi berilgan.
Mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini “Korea Eximbank”ning grant mablag‘lari hisobidan “Saman Engineering”, “Dong Myeong Engineering Consultants & Architecture Co., Ltd”, “Korea Railroad Corporation” va “Korea National Railway” kompaniyalari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Bugun, 14-fevral kuni Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev, Janubiy Koreyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon, Koreya Eksimbank vakolatxonasining Toshkentdagi rahbari Sangjin Kang, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlari va Koreya kompaniyalari konsorsiumi ishtirokida “Toshkent – Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikdagi alohida yo‘lovchi tashish temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida Koreya kompaniyalari vakillari tomonidan loyiha texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuvda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishining amaliy bosqichiga o‘tish uchun asos bo‘lgan tegishli hujjatlar imzolandi.