Bugun, 24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasida transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov hamda Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Karimov Toshkent viloyati hududida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona rahbarlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda yo‘lovchilarga xavfsiz va sifatli transport xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish, yo‘lovchi tashuvlarini litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar asosida amalga oshirilishini ta’minlash, korxonalar tomonidan tender talab-shartlariga rioya etilishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan sayyor qabul davomida korxona rahbarlari tenderlar o‘tkazilishi, yo‘nalishlar sxemasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati jamoat transporti yo‘nalishlar tarmog‘ining shakllantirilishi, subsidiya ajratilishi, avtobuslarning ekspluatatsiya muddatlari, nazorat reyd tadbirlarining o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan mutasaddilarga yuzlanishdi.
Uchrashuvda viloyat hududida jamoat transporti tizimini rivojlantirish, bunda birinchi galda ustuvorlik avtobuslarda tashuvlarni tashkil etishga qaratilishi alohida ta’kidlab o‘tildi. Barcha avtokorxonalar rahbarlariga yo‘nalishli taksi yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatayotgan “Damas” rusumli avtomobillarni bosqichma-bosqich M2 toifali transport vositalariga almashtirish yuzasidan tavsiya berildi.
Aholiga ko‘rsatilayotgan jamoat transporti qamrovini kengaytirish maqsadida 2023-yilda Toshkent viloyatida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan 19 ta korxonaga “Toshshahartransxizmat” AJdan olib kelingan kichik sig‘imli ISUZU rusumli 160 dona avtobuslari berilgan. Bugungi kunda mazkur avtobuslardan 105 tasi yo‘nalishlarga biriktirilgan. Buning natijasida jamoat transporti bilan qamrab olinmagan 25 ta yo‘nalishda 110 aholi yashash punktida avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov viloyat transport boshqarmasi mutasaddilariga qolgan avtobuslarni ham qisqa muddatlarda yo‘nalishlarda faoliyat yuritishini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.