Bugun, 2023-yil 1-noyabrda poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” kongresslar holida ShHTga a’zo davlatlarning Birinchi transport forumi boshlandi. Tadbir doirasida “Aviation & Logistics Forum 2023” Aviatsiya forumi hamda “TransLogistica Uzbekistan 2023” koʻrgazmasi oʻtkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2022-yil sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida e’lon qilingan ShHT Birinchi Xalqaro transport forumining Toshkentda o‘tkazilishi transport sohasi vakillari uchun muhim voqea hisoblanadi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlarning Birinchi transport forumida Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri Ilxom Maxkamov qutlov nutqi bilan chiqdi. Vazir Oʼzbekiston Respublikasida oxirgi yillarda transport sohasida amalga oshirilgan va hozirda oshirilayotgan islohotlar hamda loyihalar boʼyicha qisqacha toʼxtalib oʼtdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning transport-logistika salohiyatini yanada rivojlantirish boʼyicha Ilxom Maxkamov aniq takliflarni bildirdi.
- Muqobil transport yoʼlaklarini tashkil etish, transport sohasida standartlarni uygʼunlashtirish, moslashuvchan tarif siyosatini qoʼllash.
- Transport arteriyalari boʼylab hamda chegaradosh hududlarda yirik mulьtimodal logistika markazlarini qurish.
- Chegara-nazorat oʼtkazish punktlarida ish tartibini 24/7 formatda tashkil etish hamda viza berish jarayonini soddalashtirish.
- Raqamli texnologiyalar va intellektual tizimlarni keng joriy etish hamda logistika sohasida ilgʼor tajriba bilan almashish.
ShHTga aʼzo davlatlarning Transport forumi doirasida quyidagi hujjatlarni imzolash va almashish marosimlari boʻlib oʻtdi:
- O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilxom Maxkamov, Rossiya Federatsiyasi transport vaziri o'rinbosari Dmitriy Zverev va Qozog‘iston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Talgat Lastayev o‘rtasida “Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” xalqaro transport yo‘lagini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi almashildi.
- O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Ixlom Mahkamov, Rossiya Federatsiyasi transport vaziri o'rinbosari Dmitriy Zverev va Qirg‘iziston Respublikasi transport va kommunikatsiyalar vaziri Tilek Tekebayev “Rossiya – Kaspiy dengizi – Turkmaniston – O‘zbekiston – Qirg‘iziston” xalqaro multimodal transport koridorini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
- Centrum Solutions MChJ va Global Ports Services o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumini Centrum Holding asoschisi va bosh direktori Abdulaziz Abdurahmonov hamda PSA International kompaniyasining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo bo'yicha mintaqaviy rahbari Mayk Farmoso imzoladilar.