“O'zbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ-28-son, 27.01.2025-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, O'zbekistonning transport-logistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi” tasdiqlandi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi asosiy maqsadli ko'rsatkichlar va indikatorlar belgilandi, jumladan:
- avtomobil, temir yo'l va havo transportida xalqaro yuk tashish umumiy hajmini kamida 2 baravarga oshirish;
- transport va logistika xizmatlari eksportini 2 baravargacha oshirish;
- konteynerlarda yuk tashish ulushini kamida 1,5 barobarga oshirish;
- Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) O'zbekistonning o'rnini 55-pog'onadan past bo'lmagan darajagacha ko'tarish.
Yuklarni xalqaro tashishni tashkil etishda transport-ekspeditorlik xizmatlariga QQS nol stavkada qo'llanadi.
2025-yil 1-iyundan Davlat chegarasi orqali avtomobil o'tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi.
Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi bilan hamkorlikda Xalqaro avtomobil transporti sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo'yicha mintaqaviy o'quv markazi tashkil etiladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari bo'ylarida yo'lbo'yi servis (“Service area” va “Service point”) obyektlari tashkil etiladi.