Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Transport sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi

Chop etish Sahifani ulashish
18.10.2022 3957 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov 2022-yil 18-oktabr kuni Dushanbe shahrida "Tojikiston va mintaqa davlatlari o‘rtasida transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishda logistika va uning afzalliklari" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi.

 

Transport vaziri Ilhom Mahkamov konferensiyada so‘zlagan nutqida bugungi geosiyosiy vaziyat barchani belgilangan standart yo‘nalishlarni qayta ko‘rib chiqishga va muqobil transport yo‘nalishlarni tashuvlar jarayonining muhim tarkibiy qismi sifatida e’tirof etgan holda rivojlantirishga undayotganini ta’kidlab o‘tdi.

 

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasi Sharqiy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Yevropa va MDH mamlakatlaridan qo‘shimcha hajmdagi tranzit yuklarni jalb qilish uchun ulkan imkoniyatga ega. Ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarni bir-biriga bog‘lay oladigan yangi transport kommunikatsiyalarini barpo etish bo‘yicha faol ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘llarini qurish loyihalarida ishtirok etishi shular jumlasidan.

 

Qolaversa, mintaqa davlatlarining birgalikdagi sa’yi-harakatlari bilan “Xitoy – Tojikiston – O‘zbekiston”, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Afg‘oniston” va “Osiyo tinch okeani mintaqasi mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Turkiya – Yevropa” yangi multimodal transport yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yildi.

 

Ilhom Mahkamov bugungi murakkab vaziyatda yuklarni an’anaviy tarzda yetkazib berish zanjiri jiddiy ravishda buzilib, ayrim yo‘nalishlarda mutlaqo falaj bo‘lib qolganini inobatga olgan holda yangi logistika yo‘nalishlarini barpo etish davr talabi ekanligini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda qator takliflarni ilgari surdi.

 

Jumladan, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston/Tojikiston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa yo‘nalishida multimodal transport-logistika koridorini yaratish bo‘yicha birgalikda harakat qilish. Ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun har bir tomon muvofiqlashtirilgan holda ish tutishi lozim, shu munosabat bilan ishtirokchi mamlakatlar vakillaridan iborat doimiy Ishchi guruh tuzish va uning birinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish;

 

xalqaro yuk tashuvlar jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish bugungi kunning zarur va muhim talabi ekanligini inobatga olgan holada transportda raqamli texnologiyalar turlarini va joriy etish geografiyasini yanada kengaytirish;

 

shuningdek, xalqaro yuk tashuvlari jarayonida chegara-nazorat punktlaridan o‘tish va viza olish jarayonlarini soddalashtirish, to‘lov va yig‘imlarni optimallashtirish va kamaytirish taklifini bildirdi.

 

I.Mahkamov mazkur konferensiya mamlakatlarimiz o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynashiga ishonch bildirib, tadbir davomida ilgari surilgan fikr va takliflar amaliy yechimlari bilan iqtisodiy va transport aloqalarini yanada yaxishilashiga hissa qo‘shishini ta’kidladi.