Bugun, 20-iyun kuni Transport vazirligi, uning idoraviy mansub tashkilotlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning axborot texnologiyalarini rivojlantirishga mas’ul xodimlari ishtirokida kollegial uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlariga transport sohasida axborot texnologiyalarini joriy qilinganlik holati va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Bugungi kunda mamlakatimiz transport tizimida raqamlashtirish jarayonini kengaytirish orqali transport xizmatlaridan foydalanuvchilarga qator qulayliklar yaratilmoqda. Hozirda Transport vazirligida barcha xizmatlar va axborot almashinuv tizimi to‘liq raqamli formatga o‘tkazilgan.
Transport sohasida umumiy hisobda bugungi kunda 30 dan ortiq axborot tizimi va platformalar ishlab chiqilgan. Xususan, “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” va “Elektron litsenziyalash tizimi” orqali sohaga oid 10 dan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish to‘liq elektron shaklda amalga oshirilmoqda.
Avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlari sohasida Turkiya va Qozog‘iston Respublikalari bilan hamkorlikda ruxsatnomalarni elektron ayirboshlash uchun mo‘ljallangan “E-Permit” axborot tizimi ishga tushirildi. Mazkur tizimni Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon bilan ham joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Qolaversa, Respublikamizdan tranzit o‘tuvchi xavfli toifaga kiritilgan yuklarni tashish uchun ruxsatnoma blankalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va taqdim qilish maqsadida “Xavfli yuk” axborot tizimi ishga tushirildi.
Xorijiy aviakompaniyalar tomonidan yurtimizga parvozlarni amalga oshirishda parvoz jadvallarini elektron tarzda kelishishni nazarda tutuvchi “Forma R” axborot tizimi ishlab chiqildi
Jamoat transporti avtobuslarda yo‘lovchi tashish sifatini oshirish maqsadida, avtobuslar harakatini real vaqt rejimida kuzatish, tashuvchilar faoliyatida “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlari ustuvorligini ta’minlash, avtobuslarda jamoat xavfsizligini oshirish maqsadida “Avtomatlashtirilgan dispetcherlik tizimi” joriy qilindi. Qolaversa, respublikaning markaziy shaharlarida jamoat transportida yo‘l kira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirildi.
Shu bilan birga transportning barcha turlari uchun masofadan chipta xarid qilish bo‘yicha “uzairways.com”, “e-ticket.railways.uz” va “avtoticket.uz” platformalari faoliyat ko‘rsatmoqda
Axborot tizimlarini ishlab chiqish, ularni texnik qo‘llab-quvvatlash, sohada raqamlashtirishni yanada jadallashtirish maqsadida vazirlik huzurida “Raqamli transport” markazi tashkil etilgan bo‘lib, yil so‘ngiga qadar yana 10 dan ortiq transport sohasidagi an’anaviy jarayonlarni raqamlashtirishga qaratilgan axborot tizimlarini joriy qilinishi ko‘zda tutilgan
Uchrashuv davomida raqamlashtirish yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida idoralararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi.