O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari "Sian – Xorg‘os – Olmaota – Sariyog‘och – Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha birinchi yuk poyezdining yetib kelishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdilar.
Marosimda O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Maxkamov va Qozog‘iston Transport vaziri Marat Karabayev ikki davlatning transport-tranzit imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan qo‘shma loyihalar haqida ma’lumot berishdi.
Yuk poyezdi Sian shahridagi Qozog‘iston-Xitoy terminalidan "Xorg‘os" quruq portiga yo‘l oldi. U yerda konteynerlar qayta ortildi va Qozog‘iston temir yo‘llari bo‘ylab "Sariyog‘och" stansiyasi orqali so‘nggi manzilga – "Toshkent" stansiyasiga jo‘natildi.
Joriy yilning aprel oyida Xivada Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashishni tashkil etish va Transafg‘on yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasida yuklarni tezkor yetkazib berish tashkil etildi. Konteyner poyezdi rekord 5 kun ichida 4486 km masofani bosib o‘tdi.
Yuk tashishning eng qisqa muddati Qozog‘istonning Xitoydagi terminal imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, Qozog‘iston va O‘zbekiston temir yo‘l ma’muriyatlarining chegara infratuzilmasini kengaytirish bo‘yicha izchil hamkorligi tufayli ta’minlandi.