Yoshlar – ertamiz egalari, kelajak bunyodkorlaridir. Shu bois, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida yoshlar bilan doimiy muloqot qilishga, yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Zero, yoshlar bizning asosiy tayanchimiz va suyanchimiz. Ular puxta bilim hamda daromad manbaiga ega bo‘lsa, yurt taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi, jamiyat rivoji uchun xizmat qiladi. Shu o‘rinda bugun hayotda o‘z o‘rnini topolmayotgan, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib va yoki hayotning noto‘g‘ri ko‘chalariga kirib qolgan yoshlarni faol hayotga qaytarish – jamiyatimiz oldida turgan eng muhim va kechiktirib bo‘lmas vazifadir.
Yoshlarni e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan to‘la qamrab olish maqsadida ular "mahalladan vazirlikkacha" tizimi orqali davlat idoralariga biriktirilgan. Xususan, Transport vazirligiga Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi “Beshqayrag‘och”, “Tepaqo‘rg‘on”, “Qo‘rg‘ontepa”, “Tinchlik obod”, “Latif guzar”, “Xayratiy” mahallalaridan jami 25 nafar yoshlar biriktirilgan.
Kuni kecha Transport vaziri Ilhom Maxkamov alohida e’tibor talab etuvchi ushbu yoshlarning ijtimoiy holati va qiziqishlarini o‘rganish maqsadida ular bilan uchrashdi. Vazir yoshlar bilan suhbat qurib, ularning kelgusidagi maqsad va rejalari, muammolari bilan qiziqdi. Yoshlarga hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish hamda jamiyatda munosib o‘ringa ega bo‘lishlari uchun zarur tavsiyalar berildi.
Har bir yoshning aytib o‘tgan murojaati alohida nazoratga olinib, qayd etilgan masalalar yechimi mas’ullar bilan muhokama qilindi. Uchrashuvda vazirlik mas’ullari yoshlar bilan muntazam ishlab, kelgusida muammolarni hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatish va ularni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor ekanligi ta’kidlandi.