Turkmaniston O‘zbekistonning savdo-sotiq bo‘yicha muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimiz tashqi savdo yuklarini janubiy yo‘nalish bo‘ylab xorijga tashishda Turkmaniston muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, tijorat maqsadida ikki mamlakat avtomobil va temir yo‘llari orqali uchinchi mamlakatga tranzit yuklari tashiladi.
Ikki mamlakat kommunikatsiya tizimlarining integratsiyasi nafaqat O‘zbekistondan Turkmanistonga, balki Yaqin va O‘rta Sharq savdo bozorlariga eng qisqa yo‘l orqali chiqish imkoniyatini yaratadi. Shu nuqtayi nazardan transport logistika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, bu jarayonda tashuvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratish masalasiga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Natijada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yuk tashish hajmi yil sayin ortib bormoqda. 2024-yilning yanvar-mart oyi mobaynida yuk tashuvlari hajmi salkam 400 ming tonnani tashkil etdi.
Transport va logistika sohasi O‘zbekiston – Turkmaniston ikki tomonlama munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini inobatga olgan holda avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2023-yilda Turkmaniston bilan jami 36 500 dona, 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida esa 10 000 ta ruxsatnoma blankalari almashilgan bo‘lib, yuk tashuvlari uzluksizligi ta’minlanmoqda. Turkmaniston tomoni murojaatlariga asosan Transport vazirligi tomonidan qo‘shimcha ruxsatnoma blankalari almashilmoqda.
Transport vazirligi Turkmaniston vakolatli organi bilan ruxsatnoma blankalari kvotasini ko‘paytirish va qo‘shimcha almashish, milliy tashuvchilarga xalqaro yuk tashuvlar jarayonida teng sharoitlar yaratilishini ta’minlash orqali yuk tashuvlari hajmini oshirish bo‘yicha muntazam ravishda muzokaralar olib bormoqda.
Zero, transport-logistika sohasini rivojlantirishga qaratilgan ushbu sa’y-harakatlar nafaqat ikki mamlakat manfaatlariga, balki butun O‘rta Osiyo mintaqasida savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishiga turtki bo‘lib xizmat qiladi.