“O‘zbekiston temir yo‘llari‘ AJda O‘zbekiston va Germaniya transport vazirliklari bilan birgalikda mamlakatlarimiz o‘rtasida transport sohasida o‘zaro manfaatli konstruktiv munosabatlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining o‘rinbosari A.Mo‘minov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari v.b. X.Omonov, Germaniya Federal transport va raqamli infratuzilma vazirligining xalqaro aloqalar va tashqi iqtisodiy aloqalar referatining rahbari B.Yanix, ikki mamlakat elchixona vakillari, O‘zbekiston va Germaniya transport vazirliklarining boshqa mas'ul xodimlari ishtirok etishdi.
Tomonlar, O‘zbekistonda transport sohasini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlarning faollashtirgani alohida ta'kidladilar va bajarilayotgan ishlarda O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari‘ AJ va Germaniyaning “Deutsche Bahn AG” temir yo‘l strategik hamkorligi juda muhim ekanligini alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarini takomillashtirish masalalari mamlakat rahbariyatining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston transport tarmog‘i, jumladan, temir yo‘l transporti ham bundan mustasno emas. Eslatib o‘tamiz, Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Janob Frank-Valter Shtaynmayerning 2019-yil may oyidagi O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJni Germaniya temir yo‘llarining ilg‘or tajribasiga asoslangan holda takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy amaliy takliflarni ishlab chiqish, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or g‘oyalari va tajribasini joriy etishga e’tibor qaratish O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligining ko‘p qirrali faoliyatidagi asosiy strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
– Mamlakat rahbariyati topshiriqlarini bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Deutsche Bahn AG” kompaniyasining konsalting bo‘limi mutaxassislarining qo‘shma ishchi guruhi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasida tarkibiy islohotlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasini tayyorladi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov. – Ayni paytda, germaniyalik mutaxassislari bilan tayyorlangan tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. Raqamlashtirish sohasidagi qarorlarni joriy etish orqali biznes jarayonlarining samaradorligi oshiriladi va O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l sohasida Germaniya tajribasi asosida muvofiqlikni nazorat qilish tizimini yaratish qaror qabul qilishda inson omilini kamaytiradi.
Videokonferensiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l tarmog‘ini isloh qilish sohasida amalga oshirilgan qo‘shma ishlar to‘g‘risidagi hisobot tinglandi.
– “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va Germaniya temir yo‘llari “Deutsche Bahn AG” kompaniyasi bilan strategik hamkorligi 2013 - yildan buyon muvaffaqiyatli davom etib kelmoqda, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari‘ AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari v.b. Xayitbay Omonov. – Germaniyalik ekspertlar 19,2 km uzunlikdagi “Qamchiq” temir yo‘l tuneli qurilishi, Qarshi – Termiz temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish, shuningdek, Toshkent metropoliteni Sergeli va Yunusobod yo‘nalishlarini qurish kabi strategik muhim loyihalar ustida ish olib bordilar. Ayni paytda germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda temir yo‘llarning tashkiliy tuzilmasi va boshqaruvini takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikni oshirish, logistika salohiyatini va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, raqamlashtirish, shuningdek, temir yo‘l transportining raqobatbardoshligini oshirishda tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
– Mamlakatlarimizni nafaqat hamkorlik munosabatlari balki do‘stona munosabatlar ham bog‘lab turadi, – dedi B.Yanix, Germaniya Federal transport va raqamli infratuzilma vazirligi xalqaro aloqalar va tashqi iqtisodiy aloqalar referatining rahbari. – Germaniyada mamlakatning butun iqtisodiyoti temir yo‘l transportiga asoslangan. Bundan tashqari, hozirgi kunda dunyodagi barcha temir yo‘llar qayta tiklanish (renesans) davrini boshdan kechirmoqda. Bu, ayniqsa, pandemiya sharoitida yaqqol namoyon bo‘ldi va barchamiz temir yo‘l transportining naqadar muhimligini anglab yetdik. Shu sababli, zamonaviy sharoitda ushbu sohani muvaffaqiyatli shakllanish darajasida rivojlantirish zarur va shu nuqtai nazardan biz O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligimizni bildiramiz.
Shubhasiz, temir yo‘l sohasini islohatlarni boshidan kechirgan davlatlarning tajribasi bebaho hisoblanadi. Uchrashuvda, shuningdek, yo‘lovchilar va sayyohlarni tashishda multimodal usulidan foydalangan holda yo‘lovchilar iqtisodiyotini yaxshilash bo‘yicha, rejalashtirilgan qo‘shma chora-tadbirlar, yo‘lovchilar sonini ko‘paytirish va ularga xizmat ko‘rsatishda zamonaviy usullardan foydalanish uchun vokzallar va stantsiyalar majmualarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Afsuski, dunyoda avj olgan koronavirus pandemiyasi tufayli o‘zaro mutaxassislar bilan tajriba almashish, temir yo‘l sohasi xodimlari uchun amaliyot o‘tash va talabalarimizni “Deutsche Bahn AG” kompaniyasida o‘qitish bo‘yicha mavjud kelishuvlarni amalga oshirishning hozircha imkoni yo‘q. Ammo, epidemiologik vaziyat barqarorlashib borishi bilan Germaniyaning ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda temir yo‘l transporti sohasida malakasini oshirish va o‘qitish bo‘yicha loyihalarni to‘liq amalga oshirishni boshlash rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv yakunida transport-logistika sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida Germaniya bilan aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Axborot-tahliliy media markazi