Transport vaziri Ilhom Maxkamov hamda Xitoy Xalq Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Li Yan o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarning bugungi holati va istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida har ikki tomon vakillari asr loyihasi deb e’tirof etilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi nafaqat ikki mamlakat balki butun mintaqada transport-kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida yangi davrni boshlab berayotganini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha ishlarni zudlik bilan boshlash zarurligini bildirishdi.
Uchrashuv davomida Transport vaziri Ilhom Maxkamov O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida “Qashg‘ar – Irkeshtom – O‘sh – Andijon” multimodal transport yo‘lagini o‘zaro hamkorlikda rivojlantirish bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.
Xususan, ushbu yo‘lak orqali yuk tashuvlari hajmini oshirish maqsadida o‘zbek milliy tashuvchilariga qulay shart-sharoitlarni yaratish, O‘zbekiston hamda Xitoy o‘rtasida ikki tomonlama ruxsatnoma blankalari sonini oshirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi “Xalqaro avtomobil tashuvlari” to‘g‘risidagi bitimga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Xitoy Xalq Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Li Yan mazkur yo‘lak salohiyatini kengaytirish, uning imkoniyatlaridan oqilona va samarali foydalanishni rivojlantirish bo‘yicha I.Maxkamov tomonidan bildirilgan takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldilar.