Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Yangi xalqaro transport va tranzit yo‘lagini barpo etish bo‘yicha muhim hamkorlik

Chop etish Sahifani ulashish
13.10.2023 3669 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tashabbusi bilan Qozog‘iston – Turkmaniston – Eron – Turkiya Respublikalarining transport vazirligi hamda temir yo‘l sohasi vakillari o‘rtasida videokonferentsaloqa shaklida uchrashuv o‘tkazildi.

 

Uchrashuvda “Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa” xalqaro transport yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolash bilan bog‘liq jarayonlarni jadallashtirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama etildi. Shuningdek, davlatlar o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘nalishini rivojlantirish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi.

 

Tomonlar “Xitoy – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya – Yevropa” xalqaro transport koridorini rivojlantirish barcha uchun birdek manfaatli ekanligini, ushbu yo‘lak tranzit tashuvlari va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishga xizmat qilishini taʼkidladi.

 

Zero, ushbu tarixiy hamkorlikning umumiy maqsadi mintaqada savdoni rivojlantirish, xalqaro yuk tashuvlar hajmini oshirish, tranzit tashuvlari va undan tushadigan tushumlarni ko‘paytirishdan iboratdir. Uchrashuvda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.

 

Yangi muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan O‘zbekiston Respublikasining jahon transport-logistika tarmoqlariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish va milliy transport tizimining salohiyatini oshirish maqsadlariga erishishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.