Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Yevropa bilan hamkorlikda barqaror transport yo‘laklari rivojlantiriladi

Chop etish Sahifani ulashish
13.06.2024 2489 Yangiliklar

Bugun, 13-iyun kuni transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini muvofiqlashtirish platformasi doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha delegatsiyasi bilan uchrashdi.

 

Uchrashuvda delegatsiya vakillariga mamlakatimizda transport va logistika sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan jadal islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

 

M.Omarov O‘zbekiston barqaror, ishonchli va xavfsiz transport tarmoqlari infratuzilmasini yaratishga investitsiyalar jalb etish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyor ekanligini bildirdi. Shu nuqtayi nazardan mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi loyihalarga alohida ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

 

Bu borada “Qizilo‘rda – Uchquduq” temir yo‘l liniyasi loyihasi O‘zbekiston va Qozog‘istonga salmoqli iqtisodiy foyda keltirishi hamda mintaqaviy integratsiya va savdo aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shishi nuqtayi nazaridan ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.

 

Ayni paytda O‘zbekiston va Qozog‘iston transport vazirliklari tomonidan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini moliyalashtirish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki hamda boshqa xalqaro moliya tashkilotlariga takliflar kiritilganligi aytib o‘tildi.

 

Delegatsiya vakillari Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi bo‘yicha yaratilgan muvofiqlashtiruvchi platforma Markaziy Osiyo va Yevropani bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan hamkorlikdagi muhim qadam ekanligini ta’kidlab o‘tdi.