Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishidagi “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari qariyb 3 yildan buyon yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Jahon tajribasidan kelib chiqqan holda, metro poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida, yer osti metro tonnelari va bekatlari ma’lum muddat ekspluatatsiya qilinganidan so‘ng, rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish lozim.
Shu munosabat bilan Yunusobod yo‘nalishining “Turkiston”, “Yunusobod” bekatlari 2023-yil 26-avgust sanasidan boshlab 4 oy muddatga yopiladi va bu muddat davomida rejali profilaktik ishlar amalga oshiriladi (ma’lumot uchun Yunusobod yo‘nalishining I bosqichi 2001-yilda ishga tushirilganidan so‘ng, rejali profilaktik ishlarni amalga oshirish uchun 2002-yil, 3 oy muddatga yopilgan).
Shuningdek, poyezdlar harakati “Shahriston” va “Ming O‘rik” bekatlari oralig‘ida odatiy tarzda harakatlanishi davom etadi va bu yo‘nalishda poyezdlar harakati oraliq vaqti (interval) 5 daqiqagacha qisqartiriladi.
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, “Turkiston-Yunusobod–Shahriston» metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tongi 06:00 dan tungi 00:00 ga qadar amalga oshiriladi.